Yoshlar kelajagi – millat kelajagi
2026-02-17 17:50:00 / Yangiliklar

Bugun yurtimizda yoshlarni giyohvandlik va narkotik moddalar taʼsiridan himoya qilish, ular ongida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Shu munosabat bilan poytaxtdagi Toshkent menejment va iqtisodiyot universitetida Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti rahbariyati, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohasi mutasaddilari, talaba yoshlar ishtirokida keng qamrovli profilaktik-targʻibot tadbiri oʻtkazildi.
Tadbir davomida soʻnggi yillarda yoshlar oʻrtasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning tarqalishi, uning ayanchli oqibatlari hamda narkotrafikka qarshi olib borilayotgan keskin chora-tadbirlar haqida atroflicha maʼlumot berildi. Narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki butun jamiyatning umumiy vazifasi hisoblanadi.
Mutasaddilar tomonidan 2025–2026-yillarga moʻljallangan kompleks milliy dastur doirasida narkojinoyatlarga qarshi kurashish yangi bosqichga olib chiqilgani, ayniqsa, voyaga yetmaganlarni bunday illatlarga jalb qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilgani alohida qayd etildi. Taʼlim muassasalari hududida kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni tarqatganlik uchun jazolarning ogʻirlashtirilgani yoshlar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan muhim qadam ekani taʼkidlandi.
Zero, giyohvandlik — bu faqat jinoyat emas, balki millat kelajagiga tahdiddir. Yoshlarni asrash, ularning sogʻlom va barkamol kamol topishi uchun davlat idoralari, taʼlim muassasalari va eng avvalo ota-onalar birgalikda harakat qilgandagina samarali natijaga erishish mumkin.








