Buxoroda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengashning navbatdagi yigʻilishi oʻtkazildi
2026-02-17 10:45:00 / Yangiliklar

2026-yil 16-fevral kuni Buxoro viloyati prokurori rahbarligida viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Videoselektor tarzida oʻtkazilgan mazkur tadbirda viloyat Prokuraturasi, IIB, Bojxona, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari rahbarlari, shuningdek, tuman-shahar prokurorlari va ichki ishlar boʻlimlari boshliqlari ishtirok etdilar.
Yigʻilishda dastlab viloyat prokurorining birinchi oʻrinbosari soʻzga chiqib, “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonunning 4- hamda 8-moddalariga asosan huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish prokuratura organlarining asosiy vazifalaridan biri ekanligini taʼkidlab, oʻz maʼruzasini oʻqib eshittirdi.
Kengash kun tartibidan oʻrin olgan asosiy masala, 2025-yil davomida viloyatda jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi kurash, bu boradagi muammolar, jinoyatlarni fosh etish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarining ahvoli tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilindi.
Maʼruza davomida oʻtgan yil davomida jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi yoʻnalishida yoʻl qoʻyilgan tizimli kamchiliklar sanab oʻtildi va masʼullarga qatʼiy ogohlantirishlar berildi.
Shu bilan birga, yigʻilishda faqat tanqidiy fikrlar bilan cheklanib qolinmadi. Oʻz xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib, jinoyatchilikka qarshi kurashda yuksak natijalarga erishgan bir guruh soha xodimlari alohida eʼtirof etildi. Ularning xizmatlarini munosib baholash va ragʻbatlantirish yuzasidan boshqarma boshligʻiga tegishli takliflar kiritildi.
Tadbir davomida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, uning oʻrinbosarlari hamda sohaviy xizmat rahbarlari ham soʻzga chiqib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va kelgusida jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha oʻz fikr-mulohazalari hamda aniq takliflarini bildirdilar.
Yigʻilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









