Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahrida aralash jang sanʼati rivojiga bagʻishlangan uchrashuv oʻtkazildi
2026-02-17 00:20:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Aralash jang sanʼati assotsiatsiyasi raisi oʻrinbosari podpolkovnik Anvarov Shuxrat Ismagilovich hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari polkovnik Jasurbek Atayev tomonidan Nukus shahrida sportchilar va trenerlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad aralash jang sanʼati sportini yanada ommalashtirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shuningdek yosh avlodni sportga keng jalb etish orqali sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishdan iborat boʻldi.
Tadbir davomida soʻzga chiqqan masʼul rahbarlar aralash jang sanʼatining yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati, sport orqali intizom, matonat va vatanparvarlik fazilatlarini shakllantirish borasida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar. Shuningdek, bugungi kunda mazkur sport turini hududlarda yanada rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va qoʻllab-quvvatlash, ular uchun munosib shart-sharoitlar yaratish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
Uchrashuv davomida sportchi va murabbiylarning fikr va takliflari tinglandi, ularni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi. Mutasaddilar tomonidan kelgusida oʻquv-mashgʻulot jarayonlarini yanada takomillashtirish, musobaqalar sonini oshirish hamda yoshlar oʻrtasida sportni keng targʻib etish borasida tegishli tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida bir qator faol va yutuqlarga erishgan sportchilar hamda ularning ustoz-murabbiylariga tashakkurnomalar topshirildi. Shu bilan birga, ularning kelgusi faoliyatida yanada yuksak natijalarga erishishlari uchun omad va muvaffaqiyatlar tilab qolindi.
Mazkur uchrashuv aralash jang sanʼati sportini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish va sportning nufuzini yanada oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV Axborot xizmati









