Buxoro shahridagi “Shayx-ul Olam“ mahallasida xavfsizlikning yangi bosqichi: “xonadonbay“ ishlash tizimi amalda
2026-02-16 20:40:00 / Yangiliklar

Buxoro shahridagi “Shayx-ul Olam“ mahallasida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlarga start berildi. Dastlab, jalb etilgan kuch va vositalar ishtirokida maxsus yoʻriqnoma oʻtkazilib, xodimlarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Tadbir davomida sohada “Chilonzor tajribasi“ni keng tatbiq etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ-1 va PQ-2 sonli qarorlari ijrosini soʻzsiz taʼminlash masalalari ustuvor vazifa sifatida koʻrsatib oʻtildi.
Shundan soʻng, boshqarma boshligʻi mahallada yashovchi fuqarolar bilan bevosita muloqotga kirishdi. Ochiq va samimiy ruhda oʻtgan suhbatlarda aholining kundalik dardu tashvishlari, xavfsizlik bilan bogʻliq muammolari hamda takliflari tinglandi. Fuqarolar tomonidan bildirilgan jinoyatchilikni oldini olishga doir joʻyali takliflar yozib olinib, kelgusi faoliyat uchun “Yoʻl xaritasi“ga kiritilishi belgilandi.
Shundan soʻng, barcha masʼullar mahalla hududidagi koʻp qavatli uylarda “xonadonbay“ xatlov ishlariga kirishdilar.
Mazkur tadbirlarning asosiy maqsadi, har bir xonadonda kimlar va qanday toifadagi shaxslar yashayotganligini aniqlashtirish, olingan maʼlumotlar tahlilidan kelib chiqib, kelgusida patrullik yoʻnalishlarini belgilash va hududni qoʻriqlash ishlarini yangicha tartibda tashkil etish, jinoyat sodir etishga moyil boʻlgan yoki aksincha, jinoyatdan jabrlanish ehtimoli yuqori boʻlgan fuqarolar roʻyxatini shakllantirish hamda ular bilan yakka tartibdagi profilaktik ishlarni kuchaytirish boʻldi.
Ushbu yondashuv mahallani jinoyatdan xoli, xavfsiz va obod hududga aylantirishda muhim omil boʻlib xizmat qilishi, shubhasiz.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









