Xorazm viloyati IIBda navbatdagi shaxsiy qabul oʻtkazildi
2026-02-16 09:30:00 / Yangiliklar

15-fevral kuni Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi maʼmuriy binosida viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Abdumajid Shermuxamedov tomonidan fuqarolarni qabul qilish boʻyicha navbatdagi shaxsiy qabul oʻtkazildi.
Shaxsiy qabuldan koʻzlangan asosiy maqsad — fuqarolarning murojaatlarini bevosita tinglash, ularni qiynayotgan masalalarga qonuniy va amaliy yechim topish, shuningdek ichki ishlar organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashdan iborat boʻldi.
Qabul davomida fuqarolar tomonidan qariyb 40 ta murojaat bildirilib, ular turli yoʻnalishlarni qamrab oldi. Jumladan, jinoyat ishlarini koʻrib chiqish, jamoat tartibini taʼminlash, profilaktika inspektorlari faoliyati, fuqarolik-huquqiy munosabatlar, ijtimoiy masalalar hamda maʼmuriy yoʻnalishdagi muammolar murojaatchilar tomonidan koʻtarildi.
Viloyat IIB boshligʻi har bir murojaatni sinchiklab tinglab, ayrim masalalar boʻyicha fuqarolarga joyida huquqiy tushuntirishlar berdi. Qoʻshimcha oʻrganish yoki tegishli chora-tadbirlar koʻrishni talab etgan murojaatlar masʼul xizmat va boʻlinmalar rahbarlariga aniq vazifalar bilan yuklatilib, ularning ijrosi boʻyicha qatʼiy nazorat oʻrnatildi.
Taʼkidlash joizki, ichki ishlar organlari faoliyatida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash, ularni oʻz vaqtida koʻrib chiqish va har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini chuqur anglash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shu bois bunday shaxsiy qabullar aholi bilan davlat organlari oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlash, mavjud muammolarni tezkor hal etish hamda qonuniylikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati








