Yuksak mukofot sohiblari. “Mahallam tinchligi uchun qalqonman”
2026-02-15 23:00:00 / Yangiliklar

Har bir inson oʻz xizmat faoliyatida jamiyat, xalq, Vatanga naf keltirishni niyat qilsa, albatta, muvaffaqiyatga erishadi. Pastdargʻom tumani ichki ishlar boʻlimi 1-sonli IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Asliddin Sultonov ham shunday ezgu niyatli xodimlardan hisoblanadi.
Ayni damda “Ilm” mahallasida profilaktika inspektori lavozimida xizmat qilayotgan bu xodim shu yil 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga muvofiq “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Mahallada 5668 nafar aholi 1158 ta oilada istiqomat qiladi. Lavhamiz qahramoni ular tinchligi va ahilligini taʼminlashga, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga masʼuliyat bilan yondashadi. Har kuni, har soat odamlar orasida.
Mavjud masala va muammolarga qonuniy yondashib, yechimi yuzasidan huquqiy maslahat beradi, ayrimlarini birgalikda hal qiladi. Muqaddam sudlangan shaxslar bilan ochiq muloqot qilib, ularga oqilona ish tutishni, qilmishlarini takrorlamaslikni tushuntiradi.
Hayot tajribasida koʻrgan, yaxshi tarafga oʻzgarib ketgan taqdirlardan hayotiy misollar keltiradi. Har bir qarorni puxta oʻylab qilishga chorlaydi. Shu bois, mahallada turli sabablar bilan roʻyxatda turuvchi shaxslar tomonidan jinoyat sodir etilmadi.
Mahallamiz tinch, aholimiz xotirjam. Sababi mahallamiz profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Asliddin Sultonov oʻz ishiga masʼuliyatli. Vazifalarini qatʼiy tartib asosida bajaradi.
Odamlarga har bir yangi qonun mazmun-mohiyatini, ularning el-yurt manfaatiga xizmat qilishini erinmay tushuntiradi. Shundan boʻlsa kerak aholimizning qonunlarga hurmati, tinchlik va obodonchilik ishiga daxldorligi ancha ortgan, — deydi mahalla raisi Shavqiddin Allayorov.
U yoshlar, voyaga yetmagan bolalar tarbiyasiga ham alohida eʼtibor beradi. Darsga bormagan yoki kechasi koʻchada daydib yurgan bolalarni koʻrsa, darhol ota-onalari bilan gaplashadi. Bu harakatini takrorlaganlarga nisbatan esa qonuniy choralar koʻradi. Shu bois, koʻchada sangʻib yurgan yoki qoʻlida sigareti bor bolani, oʻsmirni uchratmaysiz.
El tinchligini saqlash bir kishining ishi emas. Aholi hushyor boʻlmasa — oʻgʻirlik, qonunlarni hurmat qilmasa — oʻzaro nizo va janjallar koʻpayishi aniq. Shu bois, aholi huquqiy savodxonligini oshirishga, har bir nojoʻya xatti-harakatning sabab va oqibatini tushuntirishga alohida eʼtibor qaratdim.
Baʼzan sodir etilgan jinoyatlarni ochishda uyqusiz tunlar, halovatsiz kunlarim boʻlgan. Ammo bu qiyinchiliklar meni choʻchitmaydi. Chunki, kasbimni sevaman. Bu mening taqdirimga aylangan, — deydi podpolkovnik A.Sultonov. — Ochigʻi bu mukofotda mahalla ahlining har bir fuqarosining hissasi, ulushi bor. Ammo u mahallaning masʼul vakili sifatida menga berilgani, el orasidagi hurmatimni, qadrimni oshirdi.
Balki, shaksiz, gumonsiz qilingan xizmatning nafi oʻzingga koʻproqdir, degani shu boʻlsa kerak. Albatta, bundan keyin ham bor kuch va gʻayratim bilan Vatanimga xizmat qilaman. Mahallam tinchligi uchun qalqonman.
Beminnat xizmatidan baxt topgan inson haqiqiy saodat egasi. Uning xizmatiga berilgan bu yuksak mukofot esa el tinchligi yoʻlida qilgan xizmatlariga eʼtirof va munosib ragʻbatdir. A.Sultonovning turmush oʻrtogʻi Azizaxon bilan inoqlikda tarbiyalab oʻstirayotgan 2 qiz, 2 oʻgʻil ularga kelajak tayanchi va suyanchidir.
©️ “Postda” gazetasi, Umida Mamadaliyeva, Samarqand viloyati.
