IIV Akademiyasi rahbariyati “Poytaxt namunasi” asosida Chilonzor tumani mahallalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi
2026-02-15 09:00:00 / Yangiliklar

Oʻrganishlar “Tirsakobod” mahallasidan boshlandi. Masʼullar va “mahalla yettiligi” xodimlari bilan boʻlgan yigʻilishda jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikni jilovlash, aholi muammolarini oʻrganish, murojaatlar bilan ishlash borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Maʼlum boʻlishicha, mahallada transport vositalaridan oʻgʻirlik jinoyatlari koʻp qayd etilgan. Bunga ayrim hududlarning kameralashtirilmagani, fuqarolarning oʻz mol-mulkini qarovsiz qoldirayotgani sabab boʻlmoqda. Yigʻilishda “jinoyat oʻchoq”lari va ovloq joylarga qoʻshimcha kuch-vositalarni yoʻnaltirish, hududlarga qoʻshimcha zamonaviy kameralar oʻrtanish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish zarurligi aytib oʻtildi.
Bundan tashqari, “xavf guruhi”dagi shaxslar bilan manzilli ishlash, oilalardagi maishiy muammolarni oʻrganish, yoshlar jinoyatchiligining barvaqt oldini olish borasida topshiriqlar berildi.
Ishchi guruhning keyingi manzili “Xirmontepa” mahallasi boʻldi. Masʼullarning qayd etishicha, mahalla hududida 2 ta “jinoyat oʻchogʻi” aniqlanib, ular boʻyicha alohida chora-tadbirlar belgilab olingan. Aholi xavfsizligini taʼminlash va sodir qilingan huquqbuzarlik toʻgʻrisida zudlik bilan xabar topish maqsadida hududlarga 4 ta tashvish tugmasi oʻrnatilgan. Patrul-post xizmati va akademiya kursantlaridan iborat qoʻshimcha patrullik yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyilgan.
Akademiya boshligʻi birinchi chorak uchun moʻljallangan “yoʻl xarita”lar va ularning ijrosi bilan tanishdi. Mahallada xizmat olib borayotgan profilaktika inspektori bilan muloqot qilib, kriminogen vaziyatga katta taʼsir koʻrsatayotgan omillarni muhokama qildi.
Hududda ijara shartnomasi asosida turuvchi shaxslar koʻpligi, ular oʻrtasida nizoli holatlar qayd etib turilayotgani, manzilli oʻrganishlar chogʻida ushbu toifadagi fuqarolar roʻyxatini shakllantirib, ular bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazish, xonadon egalarining masʼuliyatini oshirish kerakligi aytib oʻtildi.
Shu kuni ishchi guruh vakillari aholi gavjum joylarni ham koʻzdan kechirdi. Akademiya boshligʻi jinoyat sodir etilishi mumkin boʻlgan nuqtalarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish, huquqiy targʻibot tadbirlarini jadallashtirish yuzasidan vazifalarni belgilab berdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati








