Ichki ishlar vazirligi rahbariyatining Buxoro viloyatiga amaliy safari: Ikkinchi kun tafsilotlari va belgilangan vazifalar
2026-02-15 09:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari polkovnik Diyorbek Sattorov Buxoro viloyatida jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini taʼminlash va xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlarni oʻrganish maqsadida oʻz ishini davom ettirdi.
Oʻrganishlar davomida bir qator obyektlar koʻzdan kechirilib, sohani rivojlantirish boʻyicha muhim koʻrsatmalar berildi.
Xususan, oʻrganish ishlari Buxoro viloyati IIB uchun yangitdan barpo etilayotgan maʼmuriy binodagi qurilish jarayonlari bilan tanishishdan boshlandi. Vazir oʻrinbosari qurilish sifatini nazorat qilish va binoni zamonaviy talablar asosida foydalanishga topshirish yuzasidan masʼullarga tegishli tavsiyalar berdi.
Navbatdagi manzil, yaqinda toʻliq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgan Kogon tumani IIB maʼmuriy binosi boʻldi. Bu yerda xodimlarning xizmat olib borishi va fuqarolar uchun yaratilgan qulayliklar oʻrganildi.
Tashrif davomida, Kogon tumani IIB faoliyatini “Chilonzor tajribasi” asosida tashkil etish boʻyicha kriminogen vaziyatni shunchaki raqamlar orqali davriy taqqoslashdan voz kechib, har bir jinoyatning tub sabablari va sharoitlarini tahlil qilishga asoslangan yangi ish tizimiga oʻtish vazifasi yuklatildi.
Shundan soʻng, Buxoro viloyati IIB huzuridagi Qoʻriqlash xizmatida keng qamrovli oʻrganishlar oʻtkazildi, qoʻriqlash xizmati faoliyati, mavjud muammolar va ularni hal etish rejalari aks etgan taqdimot namoyish etildi. Navbatchilik qismi, Monitoring markazi hamda 3-sonli Texnik qoʻriqlash markazi faoliyati koʻzdan kechirildi.
Qoʻriqlash xizmati tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlarining shayligi, maxsus avtotransportlar va ekipirovkalari koʻzdan kechirildi. Binodagi sport zali, “Oktagon” maydonchasi va sport inventarlari bilan tanishildi. Xizmatni takomillashtirish boʻyicha bir qator takliflar bildirildi.
Vazir oʻrinbosari Probatsiya xizmati faoliyatini oʻrganib, bu borada “Buxoro tajribasi”ni yaratish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Shuningdek, Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasida boʻlib, davlatimiz rahbari tomonidan 2026-yil 27-yanvar kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar doirasida, kiberjinoyatchilikning oldini olish va targʻibot ishlarini kuchaytirish yuzasidan aniq koʻrsatmalar belgilandi.
Shundan soʻng, viloyat IIBda IIV Akademiyasi bilan hamkorlikda Buxoro shahridagi “S. Ayniy” mahallasida jinoyatchilik omillarini ilmiy yondashuv asosida tahlil qilish tajribasi taqdimot qilindi.
Jarayonda, oliy taʼlim muassasalarida talabalar oʻrtasida huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va ijtimoiy profilaktikani kuchaytirish, maʼmuriy huquqbuzarliklar sabablarini aniqlash va monitoring qilishning yagona elektron bazasini yaratish kabi takliflar bildirildi.
Shuningdek, Boshqarma boshligʻining oʻrinbosari — Tergov boshqarmasi boshligʻi tomonidan tergov yoʻnalishi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan taqdimot namoyish etildi.
Ekspert va tergov guruhi xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha doimiy oʻquv seminarlarini tashkil etish masalalari bilan bogʻliq mulohazalar bildirildi.
Tashrif yakunida Shofirkon tumani IIB faoliyati oʻrganildi. Tumanda 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, davlatimiz rahbarining PQ-1 va PQ-2 qarorlari asosida 2026-yil davomida jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha rejalashtirilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash boʻyicha masʼullar biriktirildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









