“Yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish” tadbiri doirasida targʻibot ishlari amalga oshirilmoqda
2026-02-14 19:10:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining farmoyishiga muvofiq, 2026-yil 1-fevraldan 1-martga qadar Respublika hududida “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish” kompleks tezkor-profilaktik tadbiri amalga oshirilmoqda.
Farmoyish ijrosini taʼminlash doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti rahbariyati hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar masʼul xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent Kimyo xalqaro universitetida yoshlar oʻrtasida keng qamrovli targʻibot uchrashuvi tashkil etildi.
Uchrashuv davomida talaba-yoshlarga giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning inson salomatligi, ong va tafakkuriga, shuningdek, millat genofondiga yetkazadigan ogʻir va qaytarib boʻlmas oqibatlari haqida atroflicha maʼlumot berildi. Narkojinoyatlarga aralashishning huquqiy javobgarligi, yoshlarning buzgʻunchi oqim va noqonuniy tarmoqlarga jalb etilish xavfi, shuningdek, “zakladchiklik” kabi jinoiy faoliyatlarning asl mohiyati aniq misollar asosida tushuntirildi.
Tadbir yakunida yoshlarga huquqiy ong va mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, giyohvandlikka qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish ustuvor vazifa ekani alohida taʼkidlandi.
Mazkur kompleks tadbir doirasida joylarda targʻibot-tashviqot ishlari, profilaktik suhbatlar hamda aniqlangan huquqbuzarlik holatlari yuzasidan qatʼiy choralar koʻrish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
IIV Tezkor-qidiruv departamenti







