Sirdaryo viloyati mahallalarida jamoat xavfsizligini taʼminlash va aholi bilan yaqin muloqotni kuchaytirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda
2026-02-14 15:45:00 / Yangiliklar

Shu maqsadda Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Farrux Xaydarov Guliston shahridagi “Obod yurt” mahallasiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mahallada amalga oshirilayotgan profilaktik hamda ijtimoiy yoʻnalishdagi ishlar holati oʻrganilib, hududdagi jamoat xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Shuningdek, mahallada istiqomat qilayotgan yakka-yolgʻiz fuqarolar bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, ularning turmush sharoiti, kundalik ehtiyojlari va mavjud muammolari yuzasidan ochiq muloqot tashkil etildi.
Suhbatlar davomida aholini tashvishga solayotgan ijtimoiy masalalar va bildirilgan takliflar atroflicha tinglanib, ularni hal etish boʻyicha tegishli mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi hamda amaliy choralar belgilandi.
Qayd etilishicha, mazkur yoʻnalishda viloyat Ichki ishlar boshqarmasining barcha boʻgʻin rahbarlari mahallalarga biriktirilgan boʻlib, “Xavfsiz va obod mahalla” tamoyili asosida joylarda jamoat xavfsizligini taʼminlash, ijtimoiy muhitni barqarorlashtirish va aholi bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan ishlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati









