Murojaatlar nazoratda: jazo ijro etish tizimida ochiqlik va samaradorlik
2026-02-14 15:00:00 / Yangiliklar

Davlat organlari faoliyatining ochiqligi va xalq bilan muloqot darajasi jamiyat taraqqiyotining muhim mezonlaridan biridir. Ayniqsa, jazoni ijro etish tizimida murojaatlar bilan ishlash masalasi inson huquq va manfaatlarini taʼminlashda alohida ahamiyat kasb etadi. Shu maʼnoda, JIED Murojaatlar bilan ishlash guruhi faoliyati fuqarolar va mahkumlarning qonuniy talab va ehtiyojlarini oʻz vaqtida koʻrib chiqish, ularga amaliy yordam koʻrsatishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Joriy yilning oʻtgan bir oyi davomida departament hamda tizim muassasalariga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 911 ta murojaat kelib tushgan. Olib borilgan tizimli chora-tadbirlar, joylarda tashkil etilgan sayyor qabul va targʻibot ishlari natijasida murojaatlar soni oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 0,7 foizga kamaygan. Eʼtiborli, takroriy murojaatlar 44 %ga kamaygani ish samaradorligining yaqqol ifodasidir.
Kelib tushgan murojaatlarning aksariyati qanoatlantirilgan boʻlsa, ayrimlariga amaldagi Farmon, Qonun va tegishli buyruqlar asosida huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi. Bu esa fuqarolarning huquqiy ongini oshirish va asossiz murojaatlarning oldini olishda muhim omil boʻlmoqda.
Murojaatlar mazmuniga koʻra turli yoʻnalishlarni qamrab olgan. Jumladan, mahkumlarni boshqa muassasaga oʻtkazish, afv etish masalalari, mahkumlarning sogʻligi, moddiy va ijtimoiy taʼminoti, 23-son mahkumlar uchun ixtisoslashtirilgan kasalxonada davolanish, xususiy klinikalarda tibbiy xizmat koʻrsatish, manzil koloniya¬larida kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, ishlab chiqarish korxonalarida yaratilgan shart-sharoitlar, jazo turini yengilrogʻi bilan almashtirish, muddatidan ilgari shartli ozod qilish kabi masalalardir.
Shuningdek, pul oʻtkazmalari, mahkumlarning ish haqini oʻz vaqtida olishi, avvalgi muassasada qolib ketgan ish haqi, oila aʼzolari tomonidan yuborilgan mablagʻlarning hisob raqamiga oʻz vaqtida tushishi bilan bogʻliq murojaatlar ham atroflicha oʻrganilib, ijobiy hal etilmoqda.
Advokatlar tomonidan mahkumlarga nisbatan tavsifnoma olish, uzoq va qisqa muddatli uchrashuvlarga kirish, qonuniy nikohni rasmiylashtirish yoki ajrimga rozilik olish, notarial harakatlarni amalga oshirish kabi masalalar yuzasidan ham amaliy koʻmak koʻrsatilmoqda. Ichki ishlar organlari vakolatiga kirmaydigan masalalar boʻyicha esa tegishli idoralarga murojaat qilish tartibi tushuntiriladi.
Quvonarlisi, fuqarolar va mahkumlar tomonidan minnatdorlik maktublari soni ortib bormoqda. Bu, avvalo, murojaatlarga befarq boʻlmaslik va inson taqdiriga daxldor har bir masalaga masʼuliyat bilan yondashish samarasidandir.
Murojaatlar bilan ishlash guruhi faoliyati insonparvarlik tamoyillari asosida yoʻlga qoʻyilganini quyidagi misollar ham tasdiqlaydi. Bir ayol yagona oʻgʻli jazo muddatini yashash manzilidan uzoq viloyatda oʻtayotgani, yoshi keksaligi bois uchrashuvlarga borishda qiynalayotganini aytib murojaat qildi. Murojaat atroflicha oʻrganildi. Mahkumning xulq-atvori ijobiy ekani, kitob mutolaasi boʻyicha faol ekani, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda faol ishtirok etayotgani, qonunchilikka koʻra uni yashash hududiga yaqin muassasaga oʻtkazishga toʻsiq yoʻqligi aniqlandi. Natijada murojaat ijobiy hal etilib, onaxon departamentga minnatdorlik bildirdi.
Qariyb yetmish yoshni qarshilagan Olmaxon aya nabirasi 1-son JIEKda jazo oʻtayotgani, uning sogʻligi yomonlashgani haqida xabar berdi. Murojaat tekshirilib, tasdigʻini topgach, mahkum 23-son Mahkumlar uchun ixtisoslashtirilgan kasalxonaga joylashtirilib, malakali tibbiy yordam koʻrsatildi.
Yana bir fuqaro ozodlikka chiqqanidan soʻng qonuniy bir martalik moddiy yordamni olishda muammoga duch kelganini bildirdi. Oʻrganishlar jarayonida shaxsini tasdiqlovchi hujjati almashganligi sabab maʼlumotlar bazasida noaniqliklar yuzaga kelgani maʼlum boʻldi. Muammo bartaraf etildi. Murojaatchi minnatdorlik bildirib, hatto Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga maktub yoʻllab, JIED xodimlariga, xususan Nurafshon Ostonovga alohida tashakkur bildirdi.
Jazoni ijro etish departamenti Murojaatlar bilan ishlash guruhi faoliyati inson manfaatlarini taʼminlash, qonuniylik va adolat tamoyillarini hayotga tatbiq etishda muhim oʻrin tutadi. Murojaatlarning oʻz vaqtida va sifatli koʻrib chiqilishi, takroriy murojaatlar sonining keskin kamayishi, minnatdorlik maktublarining ortishi – bu tizimda ochiqlik va samaradorlik taʼminlanayotganining yaqqol dalilidir.
Eng muhimi, har bir murojaat ortida inson taqdiri turgani chuqur anglangan holda, har bir masalaga masʼuliyat va insoniylik bilan yondashilmoqda. Bu esa jazoni ijro etish tizimida islohotlar izchil davom etayotganini va inson huquqlari ustuvor tamoyil sifatida taʼminlanayotganini koʻrsatadi.
IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Axborot xizmati


