Surxondaryoda tergov sifatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan oʻquv-amaliy seminar oʻtkazildi
2026-02-14 14:10:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Oliy sud bilan hamkorlikda Davlatimiz rahbari tomonidan oʻtgan yil 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi yigʻilishida hamda shu yilning 27-yanvar kuni Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish boʻyicha namunali amaliyotni yaratish yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida tergov sifatini oshirish va yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Surxondaryo viloyati prokuraturasida oʻquv-amaliy seminar mashgʻuloti oʻtkazildi.
Tadbirda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov, Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari Bahriddin Valiyev, Oliy sud sudyasi Farrux Tursunov, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi masʼul xodimlari, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi va quyi tizimlarining tergovchi va surishtiruvchilari, viloyat prokuraturasining masʼul tarmoq rahbarlari, tuman-shahar prokurorlarining sohaviy oʻrinbosarlari, tergovchilari, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy Markazi Surxondaryo filiali mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Mashgʻulotlar davomida “Jinoyatlar va hodisalar toʻgʻrisidagi arizalar, xabarlar hamda boshqa maʼlumotlarni qabul qilish, qayd etish, tekshirish va hal etish tartibi, shuningdek, mazkur jarayonlarda qonuniylikni taʼminlash masalalari” mavzusida batafsil maʼruzalar oʻqildi.
Shuningdek, Termiz shahar prokuraturasi binosida tashkil etilgan “Tergov poligoni”da tergov va surishtiruvchilar uchun nazariy hamda amaliy oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Tergov sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etgan ushbu oʻquv-amaliy seminarda tajribali mutaxassislarning Jinoyat ishlarini sudda koʻrilishida tergov va surishtiruv organlari tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, Tergovda raqamli kriminalistika yordamida elektron dalillarni toʻplash va mustahkamlashning zamonaviy usullari hamda Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlar (kiberjinoyatlar)ni fosh etishning oʻziga xos xususiyatlariga oid mavzular boʻyicha maʼruzalari tinglandi. Oʻzaro bahs va munozarali tarzida oʻtgan ushbu tadbirda tergovchilar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berildi.
Oʻquv seminar mashgʻuloti yakunida, surishtiruvchi va tergovchilar sud jarayonlarida ishtirok etib, oʻzlarining malakalarini oshirish boʻyicha takliflar bildirilib, ishtirokchilar tomonidan mavzuga doir berilgan savollarga masʼullar tomonidan atroflicha maʼlumotlar berildi. Bu kabi oʻquv yigʻinlari doimiy ravishda oʻtkazilishi yuzasidan kelishib olindi.
Shu bilan birga, Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov ichki ishlar organlarida faoliyat olib borayotgan tergovchi va surishtiruvchilar bilan suhbatlashdi, muammo va takliflarini oʻrganib, tegishli choralar belgilandi.
IIV Tergov departamenti Axborot xizmati









