Kasb fidoyisi. Ruhiyat koʻtarinki boʻlsa
2026-02-14 02:10:00 / Yangiliklar

Viloyat IIB JXX HPB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazi psixologi, katta leytenant Jamol Nematov Buxoro davlat universitetini tugatib, ilk ish faoliyatini Buxoro shahridagi 24-sonli Koʻrish boʻyicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasasida psixolog sifatida boshlagan. Prezidentimiz qaroriga asosan mazkur taʼlim dargohi IIVga biriktirilgach, unda yana bir imkoniyat tugʻildi. Va 2021-yilda Buxoro shahar IIOFMB Voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixolog lavozimida xizmatini boshladi. Bir yildan soʻng hozir egallab turgan lavozimiga oʻtkazildi.
Katta leytenant J. Nematov markazda saqlanayotgan bolalarning ota-onasi bilan suhbat oʻtkazib, ularning holati, muammolari va kelgusidagi taʼlim-tarbiyasi yuzasidan atroflicha fikr almashadi. Shu bilan birga, bolalarning ruhiy holatini yaxshilash, ularning jamiyatga moslashuvini taʼminlash maqsadida turli psixologik oʻyinlar oʻtkazib, jamoaviy hamda yakka tartibdagi psixologik treninglar tashkil etib boradi.
Kasbini chinakam sevgan kishigina doimo yangilik sari intiladi. Lavhamiz qahramoni vaqtini behuda oʻtkazmaydi, hamisha izlanadi va xizmat faoliyatidan unumli foydalanib, zimmasidagi vazifalarini oʻz vaqtida bajaradi. Xususan, uning koʻmagida markazga qabul qilingan voyaga yetmaganlarning 400 nafari ota-onasi hamda ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga topshirilgan. Shuningdek, viloyat hududida 64 nafar voyaga yetmaganning nazoratsiz va qarovsiz qolganligini aniqlab, markazga joylashtirgan. Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalarida 20 taga yaqin maqolalar chiqargan, voyaga yetmaganlar nazoratsizligi va qarovsizligining oldini olish borasida targʻibot-tashviqot ishlarini olib borgan.
Jamolning el-yurt osoyishtaligini saqlash yoʻlidagi jonkuyarligi munosib baholanib, rahbariyat hamda viloyat hokimi tomonidan koʻp marta ragʻbatlantirilgan. Qolaversa, oʻtgan yili viloyat ichki ishlar organlari oʻrtasida oʻtkazilgan «Eng yaxshi psixolog» koʻrik-tanlovida faxrli ikkinchi oʻrinni egalladi. Shuningdek, viloyat IIBning «Quvnoqlar va zukkolar» terma jamoasi aʼzosi sifati qatnashib kelmoqda.
Inson baxtining toʻkisligi oilasiga ham bogʻliq. Turmush oʻrtogʻi Mohinabonu Hasanova 24-sonli «Nurli maskan» ixtisoslashtirilgan maktab-internatida boshlangʻich sinf oʻquvchilariga saboq beradi. Ular ikki nafar farzandni komil inson qilib voyaga yetkazishmoqda.
