Toshkent shahar IIBB Kinologiya markazida Jamoatchilik kengashining navbatdagi yigʻilishi hamda press-tur tashkil etildi
2026-02-13 20:40:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda jamoatchilik bilan ochiq va shaffof muloqotni yoʻlga qoʻyish, ichki ishlar organlari faoliyati yuzasidan aholini xabardor qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu munosabat bilan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Kinologiya markazining faoliyatiga bagʻishlangan press-tur hamda vazirlik Jamoatchilik kengashining navbatdagi yigʻilishi tashkil etildi. Tadbir davomida ishtirokchilarga Kinologiya markazining asosiy faoliyat yoʻnalishlari, xizmat itlarini saralash, tayyorlash hamda ularni xizmat jarayonlarida samarali qoʻllash boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Shu bilan birga, markaz hududida yaratilgan zamonaviy infratuzilma va shart-sharoitlar jamoatchilik vakillariga keng namoyish etildi. Press-tur doirasida tajribali kinolog mutaxassislar tomonidan xizmat itlarini tayyorlashga qaratilgan zamonaviy oʻquv-mashgʻulot jarayonlari amaliy koʻrinishda taqdim etildi. Bu esa markaz faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, shuningdek, tizimda olib borilayotgan islohotlar samaradorligini keng jamoatchilikka yetkazish imkonini berdi.
Jamoatchilik kengashining yigʻilishini kengash raisi Yodgor Saʼdiyev ochib berdi. Tadbirda soʻzga chiqqan general-polkovnik Zokirjon Almatov esa jinoyatchilikning oldini olish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash kabi dolzarb masalalarga toʻxtalib oʻtdi. Nutq soʻzlaganlar tomonidan kengash aʼzolariga yuqoridagi yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Shundan soʻng, jamoatchilik kengashi aʼzolari tomonidan ichki ishlar organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini yanada takomillashtirish, tizim nufuzini mustahkamlash hamda ijobiy imijini oshirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar ilgari surildi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlayotgan holatlarga tezkor va asosli munosabat bildirish, aholining murojaat va takliflariga tizimli yondashuvni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, turli sohaviy xizmatlar faoliyatida uchrayotgan muammoli vaziyatlarni atroflicha tahlil qilish, ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish hamda amaliy yechimlarni ishlab chiqish boʻyicha aniq mexanizmlarni joriy etish yuzasidan muhim tashabbuslar bildirildi.









