Giyohvandlikka qarshi kurashish — yoshlar kelajagi va jamiyat xavfsizligi masalasi
2026-02-13 18:15:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti rahbariyati va boshqa mutasaddi tashkilotlar masʼul xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida yoshlar oʻrtasida giyohvandlik va narkotik vositalar tarqalishining oldini olish, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish hamda jamiyat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan keng qamrovli maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.
Tadbir doirasida Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti masʼullari tomonidan giyohvandlikning inson salomatligi, yoshlar kelajagi va jamiyat taraqqiyotiga salbiy taʼsiri, narkotik moddalar bilan bogʻliq jinoyatlarning huquqiy oqibatlari, shuningdek, ushbu illatga qarshi kurashishda davlat va jamiyatning oʻrni haqida atroflicha maʼlumotlar taqdim etildi. Yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan bevosita javoblar berildi.
Tadbirning doirasida “Giyohvandlik — umr zavoli” mavzusida fakultetlararo sahna koʻrinishlari boʻyicha bellashuv oʻtkazildi. Ushbu bellashuvda talabalar giyohvandlikning inson taqdiriga, oila va jamiyat hayotiga yetkazadigan halokatli oqibatlarini badiiy-sahnaviy chiqishlar orqali yoritib berdi. Sahna koʻrinishlarida ishtirokchilarning chiqishlari hakamlar hayʼati tomonidan mazmun, ijodiy yondashuv va gʻoyaviy taʼsirchanlik mezonlari asosida baholanib, gʻolib jamoalar munosib taqdirlandi.
Bu kabi tadbirlar yoshlar oʻrtasida huquqiy ong va maʼnaviy masʼuliyatni oshirish, giyohvandlikka nisbatan qatʼiy immunitetni shakllantirish hamda sogʻlom va xavfsiz jamiyat barpo etishda muhim omil boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi.





