Ichki ishlar vazirligida odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro hamkorlik masalalari muhokama etildi
2026-02-13 15:45:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 13-fevral kuni Ichki ishlar vazirligida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha maxsus vakili Kari Djonston bilan Vazirlik vakillari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Maʼlumot oʻrnida, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha maxsus vakili Kari Djonston joriy yilning 12-13-fevral kunlari Huquqni muhofaza qilish Akademiyasida “Oʻzbekistonda texnologiyalar yordamida amalga oshirilayotgan odam savdosiga qarshi kurashish” mavzusida oʻtkazilayotgan seminarda ishtirok etish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurgan.
Mazkur uchrashuvda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, shu jumladan migrantlar hamda jinsiy zoʻravonlik bilan bogʻliq odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha mintaqaviy va global tendensiyalar, ushbu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashishda axborot texnologiyalarining oʻrni hamda YXHTga aʼzo davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va rivojlantirishga oid masalalar muhokama qilindi.
Konstruktiv va doʻstona ruhda oʻtgan tadbirda tomonlar oʻzaro hamkorlik masalalari hamda istiqbolga rejalar bilan oʻrtoqlashdilar.



