Qashqadaryoda jamoat xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan nazorat tadbirlari kuchaytirildi
2026-02-13 10:55:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda aholi uchun xavfsiz muhit yaratish maqsadida viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Abduvoxid Ismoilov tomonidan Qarshi shahri hududida maxsus nazorat tadbirlari davom ettirildi.
Davlatimiz rahbarining 27-yanvardagi videoselektor yigʻilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash doirasida boshqarma boshligʻi Geolog MFYda oʻrganish ishlarini olib bordi. U yerda mahalla yettiligi faoliyati, kriminogen vaziyat tahlili, jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha mahalla profilaktika inspektori hamda mahallaga biriktirilgan masʼullar tomonidan taqdimotlar tinglandi. Oʻrganish yakunida masʼullarga hududda xavfsizlikni mustahkamlash, aholi bilan manzilli ishlash hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
Shundan soʻng nazorat tadbiri Alisher Navoiy istirohat bogʻi hamda ASI Park hududida davom ettirildi. Bu yerda jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida yuzni aniqlash imkoniyatiga ega, har bir kirib kelayotgan shaxsni identifikatsiya qiluvchi kameralar tizimi oʻrganildi. Kameralarni Milliy gvardiya va mahalla profilaktika inspektori bilan toʻliq integratsiya qilish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, istirohat bogʻiga keluvchi yoshlar uchun koʻngilochar joylar, milliy oʻyinlar va sport mashgʻulotlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Mahalla yettiligi va masʼullarga aholi, ayniqsa yoshlar bilan manzilli ishlash, xavfsiz va sogʻlom muhitni shakllantirish boʻyicha tegishli vazifalar yuklatildi.
Tadbir yakunida hududlarda barqaror va xavfsiz ijtimoiy muhitni taʼminlash, profilaktik ishlarni kuchaytirish hamda yoshlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizimli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati








