Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida jamoat xavfsizligi va aholi bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan ochiq muloqotlar oʻtkazildi
2026-02-11 10:35:00 / Yangiliklar

Qorovulbozor tumanida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi hamda tuman hokimi ishtirokida jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va aholi bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan qator uchrashuvlar oʻtkazildi. Ularda profilaktika inspektorlari, probatsiya nazoratidagi fuqarolar hamda yoshlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi.
Profilaktika inspektorlari bilan boʻlib oʻtgan kengaytirilgan uchrashuvda tumandagi kriminogen vaziyat chuqur tahlil qilinib, jinoyatchilikning oldini olishdagi kamchiliklar tanqidiy ruhda muhokama etildi. Rahbarlar tomonidan har bir xodimdan aniq natija va manzilli ish talab etildi. Shu bilan birga, samarali faoliyat yuritayotgan inspektorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Yashil mahalla” mezonlari asosida yangi ragʻbatlantirish tizimi joriy etilishi maʼlum qilindi.
Shu kuni tuman hokimligi binosida probatsiya hisobida turgan fuqarolar bilan ham ochiq muloqot oʻtkazildi. Uchrashuvda ularni qiynayotgan ijtimoiy-maishiy muammolar tinglanib, bandlik, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi va ijtimoiy yordam masalalari boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi. Rahbarlar har bir murojaatni qonuniy tartibda hal etish boʻyicha masʼullarga vazifalar yuklab, fuqarolarni jamiyatga toʻlaqonli qaytarish muhim ekanini taʼkidladilar.
Shuningdek, 200 nafarga yaqin yoshlar bilan oʻtkazilgan uchrashuvda yoshlarning huquqiy ongini oshirish, ularni jinoyatchilikdan yiroq tutish va faol hayotiy pozitsiyaga yoʻnaltirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Samimiy muloqot davomida yoshlar oʻz muammo va takliflarini bildirib, ularni hal etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Mazkur uchrashuvlar jamoat xavfsizligini mustahkamlash, aholi bilan ochiq va ishonchli muloqotni yoʻlga qoʻyish hamda tumanda ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashga xizmat qildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









