Osoyishtalik yoʻlida. Oʻziga talabchan
2026-02-11 08:05:00 / Yangiliklar

Gʻijduvon tumani IIB JXX JTSB Patrul-post xizmati otryadi xodimlari jamoat tartibini saqlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish uchun bor kuch-gʻayratlarini safarbar etishmoqda. Zarur aloqa hamda texnika vositalari bilan taʼminlangan osoyishtalik posbonlarining saʼy-harakati tufayli jinoyatlar oʻz vaqtida fosh etilmoqda. Ayniqsa, ular tumanda oʻtkazilayotgan tezkor-profilaktik tadbirlarda faoldir.
Oʻtgan yilning dekabr oyi oxirida olingan tezkor maʼlumot asosida tumandagi Bobur nomli mahallada yashovchi X.G. xonadonida profilaktik tadbir oʻtkazildi. Tadbir davomida xonadonda umumiy qiymati 32 million soʻmlik boʻlgan 54 dona «1 Shots» hamda 5 dona «Korolevskiy salyut» nomli pirotexnika vositalari qonunga xilof ravishda saqlab kelinayotgani aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Mazkur tadbirda otryad inspektorlari, safdorlar Sirojiddin Ahmedov hamda Hayitbek Ramazonovlarning xizmati katta boʻldi.
Jonkuyar osoyishtalik posbonlari faoliyatidan yana bir misol. Ikkovlon ertalab dehqon bozori hududida xizmat olib borayotganda, piyodalar yoʻlakchasi boʻylab kelayotgan qiz eʼtiborlarini tortdi. U kimnidir eslatardi. Darrov ularning biri yonidagi suratlarni koʻzdan kechirdi. U kecha tushdan soʻng uyidan janjallashib chiqib ketgan qiz ekan.
- Qizning egnidagi kiyimi tanishday tuyuldi, — deya Hayitbek Ramazonov voqeani batafsilroq tushuntirdi. — Hamkasbimga hushyorroq tur deb, qizni savolga tutdim. Har qalay u yashirmadi, oqshomda dugonasinikida tunagan ekan. Endi boshqa bir dugonasinikiga bormoqchi boʻlibdi. Unga bu qilayotgan ishi notoʻgʻriligini va uydagilari tashvishlanayotganini aytdim, soʻng tuman IIBga topshirdik.
Lavhamiz qahramonlari avtopatrul yoʻnalishida xizmat olib borishadi. Ular asosan tuman markazida va dehqon bozori atrofida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlashda jonbozlik koʻrsatib kelishmoqda.
- Kecha bir yoʻlovchi «Iphone-17» rusumli telefon apparatini topib olibdi. Shuni egasiga qaytarishimizni iltimos qildi. Jildini ochsak, plastik karta chiqdi, telefonning esa quvvati tugagan ekan. Plastik karta orqali manzilini aniqladik. Shu tarzda tushib qolgan narsalarni egasiga qaytardik, — deydi safdor Sirojiddin Ahmedov magʻrurlanib.
- Bunday voqealarning koʻp marotaba guvohi boʻlganmiz. Ayniqsa, avtoturargohdagi mashinalar eshigini ochiq qoldirish holatlari koʻpayib bormoqda. Shu bois biror kor-hol boʻlmasin deb, qoʻriqbonlik ham qilib turamiz.
Qisqasi, oʻziga talabchan, dovyurak va jasoratli tuman IIB JXX JTSB Patrul-post xizmati otryadi xodimlari bilan haqli ravishda faxrlansak arziydi.
Mirzoqul AHADOV, oʻz muxbirimiz.
Buxoro viloyati.
