Namangan viloyat hokimligida mahallalardagi jinoyatchilik holati muhokama qilindi
2026-02-10 15:35:00 / Yangiliklar

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov huzurida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida viloyat hamda shahar-tuman studiyalaridan huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar masʼullari, shuningdek, joriy yilning yanvar oyida jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilgan 40 ta mahalla raislari va profilaktika inspektorlari ishtirok etdi.
Yigʻilishda ogʻir va oʻta ogʻir turdagi, xususan, oila-turmush doirasidagi jinoyatlar qayd etilgan 13 ta mahalla faoliyati alohida koʻrib chiqildi. Mazkur hududlarda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar mahalla raislari va profilaktika inspektorlari ishtirokida tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilindi.
Shuningdek, viloyat IIB boshligʻi tomonidan ayrim mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-1 va PQ-2-son qarorlari ijrosini taʼminlash borasida manzilli va tizimli ishlar yetarli darajada tashkil etilmayotgani keskin tanqid qilindi.
Yigʻilish yakunida viloyat rahbari tomonidan mahallalarni jinoyatdan holi hududga aylantirish, kriminogen vaziyati ogʻir hamda “qizil” toifadagi mahallalarga biriktirilgan rahbarlarning shaxsiy masʼuliyatini kuchaytirish, profilaktik tadbirlarni jadallashtirish va aniq natijadorlikka erishish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati






