Andijon viloyatida “Kiberjinoyatlarga birgalikda kurashamiz” shiori ostida kompleks profilaktik-targʻibot tadbirlari oʻtkazilmoqda
2026-02-10 15:00:00 / Yangiliklar

Andijon viloyati IIB boshligʻining tegishli farmoyishiga asosan joriy yilning 5-fevral kunidan 28-fevral kuniga qadar viloyatimiz hududi boʻylab, “Kiberjinoyatlarga birgalikda kurashamiz” shiori ostida kompleks profilaktik tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Mazkur tadbir doirasida Andijon viloyati IIB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan Baliqchi tumanida joylashgan Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida targʻibot tadbiri tashkil etildi.
Tadbir davomida taʼlim muassasasi oʻqituvchi va oʻquvchi-yoshlariga kiberjinoyatlarning bugungi kunda eng koʻp uchrayotgan turlari, jumladan, internet orqali firibgarlik, fishing hujumlari, shaxsiy maʼlumotlarni qonunga xilof ravishda qoʻlga kiritish, ijtimoiy tarmoqlarda soxta akkauntlar orqali sodir etilayotgan jinoyatlar haqida batafsil maʼlumotlar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga kiberjinoyatlardan himoyalanishning samarali usullari, yaʼni:
• shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish,
• bank kartalari va elektron toʻlov vositalaridan xavfsiz foydalanish,
• nomaʼlum havolalar va shubhali xabarlardan ehtiyot boʻlish,
• ikki bosqichli himoya tizimlarini joriy etish kabi amaliy tavsiyalar yetkazildi.
Boshqarma xodimlari tomonidan real hayotiy misollar asosida tushuntirishlar berildi hamda kibermakonda hushyorlikni oshirish har bir fuqaroning shaxsiy xavfsizligi uchun muhim ekani taʼkidlandi.
Bu kabi targʻibot tadbirlari joylarda davom etmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati






