Jamoat xavfsizligi yoʻlida avlodlar muloqoti: Toshkent tumanida “Uch avlod” uchrashuvi boʻlib oʻtdi
2026-02-10 15:00:00 / Yangiliklar

Toshkent tumanida jamoat xavfsizligini taʼminlash, tinch va barqaror muhitni shakllantirishga bagʻishlangan “Uch avlod” uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbir avlodlar oʻrtasidagi uzviylik, hayotiy tajriba va fuqarolik masʼuliyatini bir maydonga jam etgan muhim muloqotga aylandi.
Uchrashuvga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov, Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov, Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi maslahatchisi, general-mayor Sayfulla Asadov, isteʼfodagi general-mayor, mehnat faxriysi Ahmadjon Usmonov, mehnat faxriysi, polkovnik Xamidjon Mirzaraximov, Toshkent viloyati “Nuroniy” jamgʻarmasi raisi Abdusamad Nosirov hamda Toshkent tumani hokimi Sardorbek Ergashev boshchilik qildilar.
Shuningdek, tadbirda Toshkent tumani IIB boshligʻi, podpolkovnik A. Mullajanov, tuman prokurori vazifasini vaqtincha bajaruvchi M. Shukrullayev, tuman soliq inspeksiyasi boshligʻi S. Abduvaliyev, umumtaʼlim maktablari direktorlari, “qizil” toifaga kiritilgan mahallalarning yettilik vakillari, yoshlar hamda profilaktika inspektorlari qatnashdilar.
Uchrashuv davomida jamoat xavfsizligini taʼminlashda oila, mahalla va jamoatchilik hamkorligini kuchaytirish, profilaktik tadbirlarni tizimli yoʻlga qoʻyish, yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish va maʼnaviy-axloqiy tarbiyani yuksaltirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Katta avlodning hayotiy saboqlari, oʻrta avlodning amaliy tajribasi va yoshlarning faol pozitsiyasi bir nuqtada tutashdi. Bu esa xavfsiz jamiyat faqat qonun bilan emas, balki hamjihatlik, befarq boʻlmaslik va umumiy masʼuliyat bilan barpo etilishini yana bir bor koʻrsatdi.
Tadbir yakunida Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov tomonidan jamoat xavfsizligini taʼminlashdagi faolligi va fidoyiligi uchun 10 nafarga yaqin profilaktika inspektorlari va Toshkent tumani IIB boshligʻi esdalik sovgʻalari va tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar
Toshkent viloyati IIB Axborot xizmati









