Davlat rahbarining topshiriqlari ijrosi doirasida Guliston shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali taʼminlash boʻyicha manzilli ishlar amalga oshirilmoqda
2026-02-10 11:55:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining 2025-yil 27-yanvar kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlari ijrosi doirasida Guliston shahrida jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Chora-tadbirlar doirasida Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining barcha boʻgʻin rahbarlari mahallalarga biriktirilib, “Xavfsiz va obod mahalla” tamoyili asosida hududlarda xavfsizlikni taʼminlash, ijtimoiy muhitni barqarorlashtirish hamda aholi bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar tizimli ravishda tashkil etilmoqda.
Shu munosabat bilan Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Guliston shahridagi Ulugʻ yoʻl, Istiqlol va Boʻston mahallalariga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mahallalarga biriktirilgan ichki ishlar organlari xodimlari faoliyati koʻzdan kechirilib, hududlarda olib borilayotgan profilaktik tadbirlar va jamoat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan ishlar bilan yaqindan tanishildi. Masʼul xodimlarga xizmat intizomini mustahkamlash hamda aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish boʻyicha aniq topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, hududdagi umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilarning darslarga qatnashish holati ham oʻrganilib, davomat masalasi alohida nazoratga olindi. Maktab maʼmuriyati bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, sababsiz dars qoldirish holatlarining oldini olish, voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Mahallalarda istiqomat qiluvchi alohida toifadagi shaxslar bilan profilaktik suhbatlar tashkil etildi. Muloqotlar davomida ularni tashvishga solayotgan masalalar, ijtimoiy muammolar va takliflar tinglanib, ularni bartaraf etish boʻyicha qoʻshimcha vazifalar belgilandi.
Shu bilan birga, alohida toifadagi ishsiz fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash, ularning bandligini taʼminlash maqsadida mahallalarda mehnat yarmarkalari tashkil etilib, boʻsh ish oʻrinlari boʻyicha maʼlumotlar taqdim etilmoqda hamda ularni doimiy ish bilan taʼminlash choralari koʻrilmoqda.
Bundan tashqari, aholini qiynab kelayotgan muammolar va yashash sharoitlari oʻrganilib, uy boshilar bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Mahallada yakka-yolgʻiz yashovchi fuqarolar bilan ham suhbatlashilib, ularning murojaatlari tinglandi va tegishli choralar koʻrildi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati









