Gʻijduvonda “Chilonzor tajribasi”: “Degrezon” mahallasi raqamlashtirish va “temir intizom” asosida namunali hududga aylanadi
2026-02-10 11:00:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi boshchiligidagi ishchi guruh Gʻijduvon tumanining “Degrezon” mahallasida boʻlib, hududda jamoat xavfsizligini taʼminlashning yangi mexanizmlarini amaliyotga tatbiq etish jarayonlari bilan tanishdi. Tuman hokimi, prokurori, ichki ishlar boʻlimi boshligʻi hamda “mahalla yettiligi” ishtirokidagi oʻrganishlarda quyi boʻgʻindagi ishlarni tizimli tashkil etish masalalari muhokama markazida boʻldi.
Jarayonda “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishning yagona sharti sifatida mahalla raisi yetakchiligida, aniq kunlik reja asosida ishlash tartibi belgilandi. Endilikda yettilik vakillari tarqoq holda emas, balki yagona jamoa sifatida harakat qilib, kunlik vazifalar ijrosini taʼminlashga masʼul ekanligi qayd etildi.
Hududning kriminogen vaziyatini barqarorlashtirish maqsadida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan manzilli “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. Mazkur strategik hujjat shunchaki hisobot uchun emas, balki mahalla obodligi va aholi osoyishtaligini taʼminlashda asosiy dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.
Aholi muammolarini aniqlash va hal etishda kabinet usulidan voz kechib, “qadamma-qadam” tamoyili asosida ishlash tizimi joriy etilmoqda. Har bir xonadonga kirib borish, fuqarolarni qiynayotgan masalalarga joyida yechim topish va shu orqali xalq roziligiga erishish ustuvor maqsadga aylandi.
Oʻrganishlar davomida raqamlashtirish masalasiga alohida urgʻu berildi. Zamonaviy videokuzatuv moslamalarining oʻrnatilishi jinoyatchilikni jilovlashning eng samarali omili ekanligi, kamera bor joyda jinoyat sodir etilishi keskin kamayishi, sodir etilgan taqdirda ham, shaxsni tezkorlik bilan aniqlash va fosh etish imkoniyati yuqori ekanligi inobatga olinib, mahallani toʻliq “aqlli kuzatuv” tizimi bilan qamrab olish choralari koʻriladigan boʻldi.
Yakunda Gʻijduvon tumanida ishlarni jadallashtirish va samaradorlikni oshirish maqsadida poytaxtda ijobiy natija bergan “Chilonzor tajribasi”ni amaliyotga keng tatbiq etish, bu orqali “Degrezon” mahallasini xavfsiz va obod hududga aylantirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati



