Andijon viloyati IIB boshligʻi tomonidan Asaka tumanida Prezident qarorlari ijrosi hamda “Chilonzor tajribasi” asosida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi
2026-02-10 10:20:00 / Yangiliklar

Andijon viloyati IIB boshligʻi tomonidan Asaka tumanida Prezidentimizning joriy yil 5-yanvar kuni qabul qilingan PQ–1 va PQ–2-son qarorlari ijrosi, shuningdek, “Chilonzor tajribasi” asosida jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi.
Xususan, tumanining Beruniy mahallasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish yuzasidan “mahalla yettiligi” tomonidan olib borilayotgan ishlar tanqidiy muhokama qilinib, ishlab chiqilgan yoʻl xaritalari asosida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ularning natijadorligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, nizoli oilalar bilan ishlash, yoshlar va xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, gʻayriijtimoiy xulq-atvorga ega shaxslar bilan manzilli profilaktik ishlarni yanada kuchaytirish yuzasidan masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, “Chilonzor tajribasi” doirasida xavfsiz muhitni shakllantirish, mahallalarni raqamlashtirish hamda jamoat xavfsizligini zamonaviy texnologiyalar asosida taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar ham yaqindan koʻzdan kechirildi.
Jumladan, Asaka tumani markazidagi savdo, xizmat koʻrsatish va ijtimoiy soha obyektlarida Qoʻriqlash xizmati tomonidan oʻrnatilgan signalizatsiya va qoʻriqlov vositalarining texnik holati oʻrganilib, tadbirkorlarga qoʻriqlash tizimiga ulanishning ahamiyati tushuntirildi.
Shu bilan birga, markaziy koʻchalar va jamoat joylarida tartib-intizomni taʼminlash, jinoyat sodir etilishi ehtimoli yuqori boʻlgan hududlarda barvaqt profilaktika choralarini kuchaytirish maqsadida raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish vazifalari belgilab berildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati








