Xorazm viloyati IIB rahbariyati tomonidan aholi murojaatlarini oʻrganish maqsadida Gurlan tumanida sayyor qabul oʻtkazildi
2026-02-09 09:00:00 / Yangiliklar

8-fevral kuni Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan aholi murojaatlarini joyida oʻrganish, fuqarolarni qiynayotgan masalalarga qonuniy va amaliy yechim topish hamda aholi bilan ochiq muloqotni taʼminlash maqsadida Gurlan tumanining “Navbahor” mahallasida navbatdagi sayyor qabul oʻtkazildi.
Sayyor qabul davomida fuqarolar tomonidan ichki ishlar organlari faoliyatiga oid, shuningdek huquqiy, ijtimoiy, maʼmuriy va maishiy yoʻnalishlardagi bir qator murojaatlar bildirildi.
Xususan, jamoat tartibini taʼminlash, jinoyat ishlarini koʻrib chiqish, profilaktika inspektorlari faoliyati, fuqarolik-huquqiy munosabatlardagi nizolar hamda boshqa masalalar aholi tomonidan koʻtarildi.
IIB rahbariyati har bir murojaatni sinchiklab tinglab, ayrim masalalar boʻyicha fuqarolarga joyida huquqiy tushuntirishlar berdi.
Qoʻshimcha oʻrganish yoki amaliy chora-tadbirlar koʻrishni talab etgan murojaatlar tegishli xizmat va boʻlinmalar rahbarlariga yuklatilib, ularning ijrosi qatʼiy nazoratga olindi.
Taʼkidlash joizki, ichki ishlar organlari faoliyatida fuqarolar bilan bevosita muloqot qilish, murojaatlarni joyida oʻrganish va muammolarni tezkor hal etish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu kabi sayyor qabullar aholining davlat organlariga boʻlgan ishonchini mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda joylarda mavjud muammolarni barvaqt bartaraf etishga xizmat qiladi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati









