Buxoro viloyati IIB boshligʻi Xalq deputatlari viloyat kengashiga 2025-yil sarhisobi va 2026-yilgi rejalar yuzasidan hisobot berdi
2026-02-08 16:35:00 / Yangiliklar

Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining navbatdagi 22-sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Ikromjon Tursunovning “Viloyatda jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda unga qarshi kurashish borasida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2026-yildagi asosiy vazifalar toʻgʻrisida”gi hisoboti tinglandi.
Videokonferensaloqa tizimi asosida oʻtkazilgan mazkur sessiya ishida Oliy Majlis Senati aʼzolari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, doimiy komissiyalar raislari, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqarma-tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdi. Shuningdek, hududiy studiyalardan shahar va tuman hokimlari, mahalliy kengash deputatlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Boshqarma boshligʻi oʻz maʼruzasida taʼkidlaganidek, oʻtgan davr mobaynida ichki ishlar organlari faoliyati shunchaki jinoyatchilikni qayd etish emas, balki “jinoyatning oqibati bilan emas, uning sabablari bilan kurashish” tamoyili asosida qayta tashkil etildi. Xususan, “mahallabay” ishlash tizimi orqali har bir oila va xonadonga kirib borilib, aholining ijtimoiy-maishiy muammolarini hal etish orqali huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish choralari koʻrildi.
Hisobotda “Raqamli xavfsiz mahalla” tamoyili doirasida amalga oshirilgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Jamoat joylari, taʼlim muassasalari va aholi gavjum hududlarda zamonaviy intellektual videokuzatuv kameralarining integratsiya qilinganligi hamda xodimlarning zamonaviy planshetlar bilan taʼminlanganligi xizmat samaradorligini oshirishda muhim omil boʻlayotganligi qayd etildi. Bu esa jinoyatlarni “issiq izidan” ochish va qidiruvdagi shaxslarni aniqlash imkonini bermoqda.
Shuningdek, maʼruzada bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri boʻlgan kiberjinoyatchilik, internet orqali sodir etilayotgan firibgarliklar hamda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish masalalariga toʻxtalib oʻtildi. Yoshlar va xotin-qizlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish, ishsiz fuqarolarning bandligini taʼminlash hamda oilaviy nizolarni bartaraf etishda “mahalla yettiligi” bilan hamkorlik kuchaytirilganligi taʼkidlandi.
Boshqarma boshligʻi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, avariya oʻchoqlarini bartaraf etish va haydovchilik madaniyatini oshirish borasidagi ishlarni tanqidiy tahlil qilib, bu borada hali oʻz yechimini kutayotgan masalalar mavjudligini ochiq bayon etdi.
2026-yilga moʻljallangan ustuvor vazifalar sifatida “qizil” toifadagi mahallalarni “yashil” hududga aylantirish, jamoat xavfsizligini taʼminlashda inson omilini kamaytirib, toʻliq raqamlashtirishga oʻtish hamda har qanday qonunbuzarlikka nisbatan jazo muqarrarligini taʼminlash asosiy maqsad sifatida belgilandi.
Qizgʻin muhokamalarga boy oʻtgan sessiya yakunida deputatlar tomonidan bildirilgan takliflar inobatga olinib, viloyatda jamoat xavfsizligini yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha tegishli qaror qabul qilindi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









