Qashqadaryo viloyati IIBda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati va viloyat hokimi ishtirokida yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2026-02-08 11:10:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 5-fevral kuni Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida 2026-yil 27-yanvar kuni Prezidentimiz rahbarligida oʻtkazilgan yigʻilishda berilgan topshiriqlar hamda 2025-yil davomida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar sarhisobiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik R. Ashropov, Qashqadaryo viloyati hokimi M. Azimov hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik A.Ismoilov, shuningdek, sohaviy xizmatlar hamda shahar-tuman ichki ishlar boʻlimlari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Bosh prokuratura tomonidan tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan Qashqadaryo viloyati ichki ishlar organlari faoliyatini tanqidiy va atroflicha oʻrganish natijalari muhokama qilinib, jinoyatlarni roʻyxatga olish, murojaatlarni koʻrib chiqish, qabul qilingan qarorlarning qonuniyligi hamda ijro intizomi holati chuqur tahlil qilindi.
Jumladan, Qashqadaryo viloyati ichki ishlar organlari tomonidan jinoyatga oid ariza va xabarlarni qabul qilish hamda ularni tekshirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar muhokama qilinib, viloyatda mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish masalalari koʻrib chiqildi.
Shuningdek Prezidentimiz tomonidan Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish boʻyicha oʻtkazilgan tanqidiy selektor yigʻilishida belgilangan vazifalar, xususan, uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish boʻyicha “poytaxt namunasi”ni Qashqadaryo viloyatida joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik R. Ashropov tomonidan qonun ustuvorligini taʼminlash, jinoyatlarni hisobdan yashirish holatlariga qatʼiy yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, vazirlik Akademiyasi professor-oʻqituvchilari ishtirokida tashkil etilayotgan oʻquv-amaliy mashgʻulotlar orqali xodimlarning bilim va kasbiy salohiyatini oshirish yuzasidan bir qator aniq vazifalar belgilab berildi.
Xususan, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi xodimlarni (tezkor qidiruv, profilaktika xizmatlari, tergovchi va surishtiruvchilar) oʻqitish, ularning huquqiy bilimini oshirish maqsadida Tergov departamenti masʼullari, IIV Akademiyasi professor-oʻqituvchilaridan iborat ishchi guruh tomonidan rejalashtirilgan oʻquv-seminarlari boʻyicha vazifalar belgilab berildi. Bu kabi seminarlar respublikaning barcha hududlarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, hozirda Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida oʻqitish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, barcha hududlarda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan ushbu soha vakillarini onlayn ravishda oʻqitish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti





