Murojaat, muloqot va yechim — Toshkent viloyatida ommaviy sayyor qabullar davom etmoqda
2026-02-07 16:30:00 / Yangiliklar

Aholi muammolarini oʻrganish va ularni manzilli hal etishga qaratilgan navbatdagi ommaviy sayyor qabul Toshkent viloyati hokimi boshchiligida tashkil etildi. Unda viloyat IIBB, sud, prokuratura, Majburiy ijro byurosi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar.
Prezident Xalq qabulxonasi Toshkent viloyati boshqarmasida boʻlib oʻtgan sayyor qabul davomida ichki ishlar organlari faoliyatiga oid murojaatlar viloyat IIBB boshligʻi, polkovnik Abduvosit Abdurazakov tomonidan koʻrib chiqildi.
Qabul jarayonida aholining tergov, yoʻl harakati xavfsizligi, huquqbuzarliklar profilaktikasi, fuqarolikni rasmiylashtirish hamda boshqa yoʻnalishlarga oid 20 ga yaqin murojaatlari qabul qilindi. Ushbu murojaatlarning aksariyati qabulning oʻzida va muhokamalar jarayonida ijobiy hal etildi.
Qoʻshimcha oʻrganish talab etadigan murojaatlar yuzasidan esa ularni qonuniy tartibda ijobiy hal etish boʻyicha masʼullarga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Umuman olganda, sayyor qabul davomida yuqorida qayd etilgan tashkilot rahbarlari tomonidan viloyat aholisining 200 dan ortiq turli mazmundagi murojaatlari koʻrib chiqildi.
Bu kabi ochiq muloqotlar davlat idoralarining xalqqa xizmat qilishini taʼminlash, fuqarolarning muammolarini joyida hal etish hamda aholi ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati









