Buxoro viloyati Shofirkon tumanida profilaktika inspektorlari faoliyatini ragʻbatlantirishning yangi tizimi joriy etilmoqda
2026-02-07 16:25:00 / Yangiliklar

Shofirkon tumanida jinoyatchilikni jilovlash, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va profilaktika inspektorlari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bagʻishlangan kengaytirilgan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi hamda tuman hokimi ishtirok etib, soha vakillari bilan yuzma-yuz muloqot qildilar.
Tadbirning avvali tanqidiy-tahliliy ruhda boshlandi. Kun tartibidagi asosiy masala, tumandagi kriminogen vaziyati murakkab “qizil” va “sariq” toifaga kiritilgan mahallalarni jinoyatdan holi “yashil” hududga aylantirish choralari boʻldi. Rahbarlar har bir inspektorning oʻz xizmat hududidagi faoliyatiga alohida toʻxtalib, jinoyatchilikning oldini olishda sustkashlikka yoʻl qoʻyayotgan xodimlarning ishi qattiq tanqid ostiga olindi. Ularga vaziyatni oʻnglash, aholi tinchligini taʼminlash boʻyicha aniq muddat va topshiriqlar belgilandi.
Uchrashuvning ikkinchi qismi ochiq va samimiy muloqot shaklida davom etdi. Unda “Mahallabay” ishlash tizimida inspektorlar duch kelayotgan muammolar, xizmat davomidagi toʻsiqlar va sohani rivojlantirish boʻyicha takliflar tinglandi. Rahbarlar har bir murojaatni eʼtiborga olib, ularning yechimi boʻyicha masʼullarga koʻrsatmalar berdilar.
Tadbirning eng kutilgan va motivatsion qismi tuman hokimining murojaati boʻldi. Hokim oʻz hududida jinoyatchilikka barham berib, mahallasini toʻliq “yashil” hududga aylantirgan fidoyi xodimlarni munosib ragʻbatlantirish mexanizmini eʼlon qildi.
Unga koʻra, chorak va yil yakunlari boʻyicha yuqori natijalarga erishgan profilaktika inspektorlariga roʻzgʻor uchun zarur boʻlgan qimmatbaho maishiy texnikalar olib berilishi, yil yakunida eng yaxshi koʻrsatkichga ega boʻlgan xodimlarni esa oilaviy tarzda chet elga sayohatga yuborilishi vaʼda qilindi.
Ushbu tashabbus profilaktika inspektorlariga katta ishonch va kuch bagʻishladi. Uchrashuv soʻnggida profilaktika inspektorlari bildirilgan ishonchni oqlashga, Shofirkon tumanini jinoyatdan holi hududga aylantirish yoʻlida bor kuch-gʻayratlari bilan xizmat qilishga soʻz berdilar.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati








