Yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashga butun umrini bagʻishlagan, el-yurt hurmatiga sazovor general-mayor Janabay Palimovich Shilmanovning vafoti munosabati bilan chuqur va samimiy taʼziya izhor etamiz
2026-02-07 12:15:00 / Yangiliklar

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimida koʻp yillar davomida samarali faoliyat yuritgan, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash ishiga munosib hissa qoʻshgan, el-yurt hurmatiga sazovor boʻlgan “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist”, 2-darajali “Mehnat faxriysi”, isteʼfodagi general-mayor Janabay Palimovich Shilmanov joriy yilda 86 yoshida vafot etdi.
Marhumning vafoti munosabati bilan oila aʼzolari, yaqinlari va barcha ustoz-shogirdlariga chuqur hamdardlik bildiramiz.
Janabay Palimovich Shilmanovning hayot yoʻli va xizmat faoliyati
General-mayor Janabay Palimovich Shilmanov 1940-yil 16-noyabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasining Kegeyli tumanida tugʻilgan.
1957-yilda tuman markazidagi oʻrta maktabni tamomlab, 1957–1962-yillarda Toshkent davlat pedagogika institutining ingliz filologiyasi fakultetida tahsil olgan va uni imtiyozli diplom bilan muvaffaqiyatli yakunlagan.
Mehnat faoliyatini 1962–1965-yillarda Tinch okeani harbiy-dengiz floti safida instruktor sifatida boshlagan. Mazkur xizmat davomida unga dastlabki “leytenant” harbiy unvoni berilgan hamda “Alohida xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan. Keyinchalik Kegeyli tumanidagi oʻrta maktabda oʻqituvchi, tuman yoshlar kengashi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
1966-yilda Davlat xavfsizlik qoʻmitasi safiga qabul qilinib, Minsk shahridagi maxsus maktabni tamomlagan va ushbu xizmatning oliy maxsus jangovar tayyorgarligidan oʻtgan. 1980–1981-yillarda “Kaskad–2” maxsus guruhi tarkibida Afgʻonistonda jangovar xizmat vazifalarini bajargan.
Keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik qoʻmitasida boʻlim boshligʻi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat xavfsizlik qoʻmitasi boshligʻining oʻrinbosari, 1983–1987-yillarda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi partiya qoʻmitasining Maʼmuriy boʻlimi boshligʻi lavozimlarida masʼuliyatli faoliyat olib borgan.
1987-yildan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, 1991–2002-yillarda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri lavozimida xizmat qilib, tizim rivoji va jamoat xavfsizligini taʼminlashga salmoqli hissa qoʻshgan.
El-yurt oldidagi fidokorona xizmatlari uchun Janabay Palimovich Shilmanov “Ichki ishlar general-mayori” oliy harbiy unvoni, 2-darajali “Shon-sharaf” ordeni hamda “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Janabay Palimovich va rafiqasi Klara opaning toʻrt nafar farzandi oliy maʼlumotli boʻlib, ulardan ikki nafari otasining kasbini munosib davom ettirgan.
2002-yildan nafaqaga chiqqan general-mayor J.Shilmanov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida qoʻmita raisi, shuningdek Konstitutsiyaviy nazorat qoʻmitasi raisi lavozimlarida ham uzoq yillar davomida samarali mehnat qilgan.
Fidoyi inson, muhtaram nuroniy, hurmatli ustoz Janabay Palimovich Shilmanovning yorqin xotirasi xalqimiz qalbida abadiy saqlanib qoladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi
