Ustoz — shogird. Tajriba va shijoat uygʻunlashganda
2026-02-06 23:00:00 / Yangiliklar

Fargʻona viloyati IIB JXX Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasida yosh xodimlarni Vatanga muhabbat, kasbga sadoqat va xizmat intizomiga itoat ruhida tarbiyalashda boshqarma Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi podpolkovnik Abduvahob Mirzaqulovning jonsarakligi eʼtirof etishga arziydi.
U 30-yilga yaqin faoliyatini yoʻl harakati xavfsizligi tizimiga baxshida etib, boy amaliy tajriba toʻplagan. Oddiy inspektorlikdan boshqarma boshligʻigacha boʻlgan sharafli yoʻlni bosib oʻtgan.
Shogirdlar ehtiromida pensiyaga chiqqan ustozning kasbini oʻgʻli, leytenant Sardorbek Mirzaqulov munosib davom ettirmoqda. U ayni paytda Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi navbatchilik qismida faoliyat koʻrsatyapti.
Abduvahob Mirzaqulovning tashabbusi bilan sohada yangi ish boshlagan yosh xodimlarga faxriylardan murabbiylar biriktirilgan. Yoshlar va ustoz-murabbiylar ishtirokida tez-tez uch avlod uchrashuvlari, suhbat va muloqotlar oʻtkazib kelinadi.
Masalan, Vatan himoyachilari kuni arafasida ham tizimda ishlayotgan yoshlar bilan ana shunday uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Bugungi shiddatli zamonda har bir yosh xodim muntazam oʻqib, izlanishi kerak, — deydi u. — Ayniqsa, siyosiy va huquqiy adabiyotlarni oʻqib, qonunchilikdagi yangilikdan boxabar boʻlib tursa, fuqarolarga huquqiy maslahatlarini ayamadi.
Birov savol bersa, ikkilanib qolmaydi. Shu bois men shogirdlarimga kitob va gazeta oʻqishni maslahat berishdan erinmayman.
Bundan tashqari, isteʼfodagi podpolkovnik Abduvahob Mirzaqulov viloyat IIB hamda Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi rahbariyati bilan hamkorlikda bemor yotgan va boquvchisini yoʻqotgan faxriylarning holidan muntazam ravishda xabar olib turibdi.
Masalan, yaqinda shu tizimga mehnati singgan, Margʻilon shahrida istiqomat qiluvchi, 90 yoshli isteʼfodagi mayor Orifjon Botirov, Qoʻqon shahar IIB YHXB boshligʻi lavozimida ishlagan, II guruh nogironi, 70 yoshli Muhammadjon Qoʻldoshev, Oʻzbekiston tumani va Qoʻqon shahar IIB YHXB katta inspektori lavozimida xizmat qilgan, 72 yoshli Anvarjon Joʻraqulovlarning xonadoniga borib, ularning holidan xabar olishdi. Ehtiromdan boshi osmonga yetgan faxriylar kengash aʼzolariga minnatdorlik bildirish barobarida, yosh xodimlarga oʻzlarining qimmatli maslahatlarini berishdi.
Ustozlar tajribasi biz yoshlar uchun juda katta maʼnaviy boylik sanaladi, ularni imkon qadar oʻrganishga harakat qilyapmiz, — deydi katta leytenant Dostonbek Bozorov.
©️ “Postda” gazetasi, Abduvosit Sidiqov, Fargʻona viloyati.
