Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligi 7531-sonli harbiy qism harbiy xizmatchilariga bir qator ustuvor vazifalar belgilandi
2026-02-06 09:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, general-mayor Mirzaraximov Baxodir Yuldoshevich Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligiga qarashli 7531-sonli harbiy qismga tashrif buyurib, mazkur qismda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida vazir oʻrinbosari mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ichki ishlar organlari va qorovul qoʻshinlari oldida turgan ustuvor vazifalar, harbiy xizmatchilarning jangovar shayligi va kasbiy mahoratini oshirish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Tashrif doirasida vazir oʻrinbosari harbiy qism hududida joylashgan Qorovul qoʻshinlari tarixiy muzeyi hamda tibbiyot punkti faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Muzeyda qoʻshinlar tarixi, xizmat yoʻli va erishilgan yutuqlar aks ettirilgan eksponatlar koʻzdan kechirilib, ularni asrash va boyitish masalalari yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, tibbiyot punktida harbiy xizmatchilarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati, profilaktik koʻriklar tashkil etilishi, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish imkoniyatlari hamda dori-darmon va tibbiy jihozlar bilan taʼminlanganlik holati bilan yaqindan tanishib, harbiy xizmatchilar sogʻligini saqlash, kasalliklarning oldini olish va sogʻlom turmush tarzini targʻib etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir yakunida shaxsiy tarkibning xizmat va yashash sharoitlarini yanada yaxshilash, yosh harbiy xizmatchilarni qoʻllab-quvvatlash, ularning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasiga eʼtiborni kuchaytirish masalalariga toʻxtalib oʻtildi.
Harbiy xizmatchilar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javoblar qaytarilib, mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.
IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti Axborot guruhi





