Andijon viloyati ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan xotin-qizlarning intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan “Zakovat” oʻyinining viloyat bosqichi oʻtkazildi
2026-02-06 09:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, siyosiy va ijtimoiy jarayonlarda munosib ishtirokini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan xotin-qizlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularni ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy va psixologik jihatdan qoʻllab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2025-yil 7-dekabr kungi tegishli koʻrsatmasi ijrosini taʼminlash, shuningdek, ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida Andijon viloyati ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan ayol xodimalar oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyinining viloyat bosqichi tashkil etildi.
Mazkur tadbir ayol xodimalarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, ongu tafakkuri, dunyoqarashi va maʼnaviyatini boyitish, shu bilan birga ularning xizmat faoliyatidagi faolligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bellashuv davomida ishtirokchilar turli sohalarga oid bilim va tafakkur darajasini namoyon etib, jamoaviy ishlash koʻnikmalari va zehniy salohiyatini sinovdan oʻtkazdilar.
Qizgʻin va bahsli ruhda oʻtgan intellektual oʻyin natijalariga koʻra:
1-oʻrinni “ZIYOLILAR” jamoasi
2-oʻrinni “XUMO” jamoasi
3-oʻrinni “ID WOMAN” jamoasi egalladi.
Gʻolib va sovrindor jamoalar Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Taʼkidlash joizki, bunday intellektual tadbirlar ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan xotin-qizlarning bilim salohiyatini oshirish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda xizmatdagi samaradorlikni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati









