Xizmatga sadoqatning mukofoti: Buxoro viloyati Vobkent tumanida profilaktika inspektorlari bilan boʻlgan uchrashuvda kutilmagan imkoniyatlar eʼlon qilindi
2026-02-06 09:00:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining 27-yanvar kungi videoselektor yigʻilishida belgilab bergan “Temir intizom” va sohada yangi tizim yaratish boʻyicha topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida Vobkent tumanida oʻzgacha formatdagi uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, Vobkent tumani hokimi hamda tuman prokurori ishtirokidagi mazkur tadbir rasmiyatchilikdan yiroq, toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot tarzida tashkil etildi.
Unda asosiy eʼtibor profilaktika inspektorlarining faoliyat samaradorligini oshirish va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratildi.
Yigʻilish avvalida rahbarlar tumandagi jinoyatchilik koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan mahallalardagi ahvolni keskin tanqid ostiga oldilar.
Xususan, ayrim profilaktika inspektorlarining hududidagi vaziyatni toʻliq nazorat qilmayotganligi, “Mahalla yettiligi” bilan hamkorlikdagi ishlarning nomigagina olib borilayotganligi, oqibatda oilaviy nizolar va oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar sodir etilayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Boshqarma boshligʻi har bir beparvolik ortida inson taqdiri yotganligini eslatib, ishga masʼuliyatsiz yondashgan xodimlarga nisbatan murosasiz boʻlish, faoliyatida tub burilish yasash lozimligini uqtirdi.
Tadbirning ikkinchi qismida esa “jazolash emas, ragʻbatlantirish” tamoyili ilgari surildi. Vobkent tumani hokimi jinoyatchilikni jilovlashda fidoyilik koʻrsatayotgan xodimlarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi ragʻbatni eʼlon qildi.
Oy va chorak davomida oʻz xizmat hududini “jinoyatdan holi” zonaga aylantirgan inspektorlar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi, yil yakuni boʻyicha esa eng yuqori natija koʻrsatgan profilaktika inspektori oilasi bilan birgalikda chet elga sayohatga yuborilishi maʼlum qilindi.
Samimiy ruhda oʻtgan muloqot davomida profilaktika inspektorlari oʻzlarini qiynayotgan masalalar – xizmat uyi bilan taʼminlash, oilaviy sharoitni yaxshilash, moddiy-texnik taʼminot va ortiqcha qogʻozbozlik kabi toʻsiqlar haqida ochiq gapirdilar.
Rahbarlar har bir murojaatni joyida hal etish boʻyicha masʼullarga koʻrsatmalar berib, “Talabga yarasha sharoit ham boʻladi”, degan gʻoyani tasdiqladilar.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati







