Xavfsiz muhitni taʼminlash boʻyicha amaliy choralar: Samarqand viloyatida mahallalarni jinoyatdan holi hududga aylantirish boʻyicha manzilli ishlash tizimi yaratilmoqda
2026-02-06 08:35:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyatida “poytaxt namunasi” asosida jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan manzilli chora-tadbirlar doirasida Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Imom al-Buxoriy majmuasida xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan masalalar atroflicha oʻrganildi. Yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan mazkur majmuaga kelishi kutilayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlar xavfsizligini taʼminlash, ular uchun xavfsiz, qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, sayyohlar oqimi ortib borishini inobatga olgan holda avtoturargohlar sigʻimini kengaytirish, transport harakatini tartibga solish hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish tizimini takomillashtirish boʻyicha masʼullarga aniq topshiriqlar berildi.
Shundan soʻng, ushbu hududda jamoat xavfsizligini taʼminlash maqsadida yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan Payariq tumani IIB 2-sonli Ichki ishlar boʻlinmasida oʻrganish ishlari olib borildi. Bu yerda xodimlarning tun-u kun samarali xizmat olib borishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar koʻzdan kechirilib, patrul-post, yoʻl-patrul, qoʻriqlash va profilaktika xizmatlari hamda Xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari tomonidan uch smenali, uzluksiz xizmatni tashkil etish yuzasidan zarur koʻrsatmalar berildi.
Imom Abu Mansur al-Moturidiy majmuasida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari ham koʻzdan kechirilib, hududda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, piyodalar va transport vositalari harakatini xavfsiz tashkil etishga alohida eʼtibor qaratish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Oʻrganishlarning keyingi manzili IIV JIED 7-sonli tergov hibsxonasi boʻlib, mazkur muassasada saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, qonunchilik talablariga rioya etilishi holati atroflicha koʻzdan kechirildi. Shu bilan birga, hibsxonada olib borilayotgan qurilish va taʼmirlash ishlari oʻrganilib, ularni belgilangan muddatlarda sifatli yakunlash hamda ishlarni jadallashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shundan soʻng ishchi guruh Kattaqoʻrgʻon shahrining kriminogen vaziyati murakkab boʻlgan “Gʻarib machit” mahallasida oʻrganish ishlarini olib bordi. Oʻrganishlar davomida davlatimiz rahbari tomonidan mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish boʻyicha belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash, hududda jinoyatchilikka salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi. Mahalla yetakchilari va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda ushbu muammolarni tizimli ravishda hal etish boʻyicha masʼullarga aniq koʻrsatmalar berildi.
Ishtixon tumanining Ishtixon mahallasida amalga oshirilgan oʻrganishlar davomida mahalla yettiligi hamda ushbu mahallaga biriktirilgan masʼul xodimlarning faoliyati atroflicha tahlil qilindi. Jumladan, yoshlar yetakchisi tomonidan maktab oʻquvchilarining dars davomatini taʼminlash, ular oʻrtasida nazorat va tartibni kuchaytirishga qaratilgan ishlar boʻyicha taqdimot namoyish etildi va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga baho berildi.
Shuningdek, Ishtixon tumanida joylashgan sport maktabida ham oʻrganish ishlari olib borildi. Unda voyaga yetmaganlar va yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ayniqsa uyushmagan yoshlar bilan manzilli ishlashda sportning ahamiyatini yanada oshirish, ularni sogʻlom turmush tarziga keng jalb etish hamda sport bilan shugʻullanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Mazkur yoʻnalishda masʼullarga aniq koʻrsatmalar berildi.
Oʻrganish ishlari Samarqand viloyati hududi boʻylab tizimli ravishda davom ettirilmoqda.






