Qashqadaryo viloyati Muborak tumani IIB binosi kapital taʼmirdan soʻng foydalanishga topshirildi
2026-02-05 15:30:00 / Yangiliklar

Muborak tumanida Ichki ishlar boʻlimining kapital taʼmirdan chiqarilgan yangi binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimida viloyat hokimi Murotjon Azimov va soha rahbarlari ishtirok etib, mamlakatimizda tizimni xalqchil va professional tuzilmaga aylantirish borasidagi islohotlar fuqarolar xavfsizligini taʼminlashda muhim omil boʻlayotganini taʼkidladilar. Mazkur zamonaviy majmua aholi bilan yaqin hamkorlik qilish va qonun ustuvorligini mustahkamlash yoʻlida xizmat qiladi.
Yangi binoda soha xodimlari uchun barcha qulayliklarga ega shinam xizmat xonalari, kutubxona, maʼnaviyat burchagi hamda qishki sport saroyi va vorkaut maydonchalari barpo etildi. Shuningdek, migratsiya va probatsiya boʻlimlari uchun alohida qulayliklar tashkil etilib, faoliyatida oʻrnak koʻrsatgan bir guruh xodimlar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Yaratilgan bunday shart-sharoitlar tumandagi qariyb yuz ming nafar fuqaro osoyishtaligini sifatli taʼminlash va jinoyatchilikni barvaqt oldini olishga qaratilgan.
Tadbir doirasida viloyat hokimi profilaktika inspektorlari bilan ochiq muloqot oʻtkazib, hududdagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va Prezident qarorlari ijrosini muhokama qildi. Muloqot davomida soha vakillarining xizmat faoliyatidagi muammolar va maishiy ehtiyojlari tinglanib, ularni hal etish boʻyicha aniq choralar belgilandi. Bu saʼy-harakatlarning barchasi jamoat xavfsizligini taʼminlashda profilaktika inspektorlarining rolini oshirish va aholi muammolari bilan yaqindan ishlashga xizmat qiladi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati









