Soha fidoyilari. Kasbidan obroʻ topib
2026-02-05 14:45:00 / Yangiliklar

Taxiatosh tumani hududidagi temiryoʻlning zaxira yoʻnalishidan relslar oʻgʻirlab ketilgani toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasiga xabar berildi. Xabar asosida aytilgan manzilga yetib borgan tezkor guruh aʼzolari eng avvalo voqea joyidagi holatni oʻrganishdi. Relslarni olib ketish uchun kelgan kishilarning poyabzallari va avtotransport vositalari shinalaridan qolgan izlardan namunalar olindi.
Gap shundaki, oʻgʻirlangan relslar ancha ogʻir boʻlib, ularni maxsus texnikasiz olib ketish amri mahol edi. Yaqin orada esa bu turdagi texnika vositalari sanoqligina. Tezkor guruh tarkibidagi kichik serjant Nurlan Qunnazarov oʻziga biriktirilgan xizmat hududidagi koʻpchilikni tanigani bois, gumon qilinuvchilar roʻyxatini tuzish unchalik koʻp vaqt olmadi.
Surishtiruv, tekshiruv davomida maxsus texnika vositalaridan birining shina izlari voqea joyidan olingan izlarga oʻxshab ketishi aniqlandi. Shu sababli uning egasi bilan yakka tartibda suhbat oʻtkazildi. U oʻz navbatida transport vositasini yaqin orada oʻgʻli boshqarib, ishlari bilan bir-ikkita joyga chiqib kelganini aytdi.
Aksiga olib, shu paytda xonadon sohibining oʻgʻli uyda emasdi. Uni izlab topish choralari koʻrildi.
Yigit bilan oʻtkazilgan suhbat avvalida u yuz bergan oʻgʻrilikka aloqasi yoʻqligini aytdi. Lekin voqea joyidan olingan ashyoviy dalillar qarshisida ojiz qolib, keyinchalik aybini tan olishga majbur boʻldi. Shu tariqa N. Qunnazarovning toʻgʻri xulosa chiqarishi natijasida jinoyat qisqa vaqt ichida fosh etildi.
Albatta, lavhamiz qahramonining faoliyati davomida bunday natijalarga erishishida tizimdagi koʻp yillik tajribasi qoʻl kelmoqda. U ayni paytda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasining Xoʻjayli bekatida xavfsizlikni taʼminlash boʻlinmasi PPX boʻlinmasi komandiri lavozimida xizmat qilib kelmoqda. Oʻtgan yillar davomida erishgan yutuqlari uchun koʻp bora ragʻbatlantirilgan.
- Albatta, inson oʻz kasbiga mehr berib, vazifasiga masʼuliyat bilan yondashsa, undan obroʻ topishi turgan gap. Kichik serjant Nurlan Qunnazarov ana shu jihatlari, qolaversa toʻgʻrisoʻzliligi va xushmuomalaligi bilan yosh xodimlarga namuna boʻlib kelmoqda. Tajribali xodim sifatida koʻplab shogirdlar tarbiyalab yetishtirgan. Xizmat hududimizda tinchlik-osoyishtalik va xavfsizlikni taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni aniqlashda uning ham munosib hissasi bor, — deydi Xoʻjayli bekatida xavfsizlikni taʼminlash boʻlinmasi boshligʻi, podpolkovnik Atabek Masharipov.
Nurlan Qunnazarov xizmatda tajirbali xodim boʻlish bilan birga namunali oila boshligʻi ham hisoblanadi. Turmush oʻrtogʻi Guljahon Nuranova bilan 4 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Oʻgʻli Ruslan ota kasbini davom ettirish niyatida hozir IIV Akademiyasida tahsil olmoqda.
Azamat Pirniyazov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Qoraqalpogʻiston Respublikasi
