Chilonzor tajribasi asosida Navoiyda xavfsiz muhit shakllantirilmoqda
2026-02-05 11:50:00 / Yangiliklar

Navoiy viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyat hamda huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida “poytaxt namunasi”ni joriy etish, shuningdek, Chilonzor tumani tajribasini tatbiq etish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi doirasida shahar mahallalariga masʼul rahbar va xodimlar biriktirilib, Mahallalar uyushmasi huzurida doimiy faoliyat koʻrsatuvchi tezkor shtab tashkil etildi.
Shu munosabat bilan DXX, mahalliy hokimiyat, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlari ishtirokida mahallalar va jamoat joylarida kriminogen vaziyatga salbiy taʼsir etuvchi omillar bilan manzilli ishlash, ijtimoiy profilaktikani kuchaytirish, oilaviy nizolar, yoshlar va xotin-qizlar bilan bogʻliq muammolarni barvaqt hal etish, shuningdek, kiber, uyushgan va giyohvandlikka oid jinoyatlarga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Prezidentning PQ-1 va PQ-2-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida Navoiy shahri “Kimyogar” mahallasida oʻrganishlar oʻtkazilib, mahalla yettiligi faoliyati, aholi bilan muloqot, murojaatlarga tezkor munosabat bildirish va jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga qaratilgan ishlar tahlil qilindi. Belgilangan vazifalar ijrosi qatʼiy nazoratga olinishi taʼkidlandi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati







