IIV Akademiyasi ishchi guruhi tomonidan Toshkent viloyati hududidagi mahallalarda tizimli oʻrganishlar olib borilmoqda
2026-02-05 11:30:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ–1-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini ilmiy asosda takomillashtirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi ishchi guruhi tomonidan Toshkent viloyati hududidagi mahallalarda tizimli oʻrganishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, taʼlim muassasalarida profilaktik va targʻibot tadbirlari izchil tashkil etilmoqda.
Xususan, Akademiyaning tajribali professor-oʻqituvchilari hamda magistratura tinglovchilari tomonidan Chirchiq shahridagi “Birlik”, “Nur”, “Mirzo Gʻolib” va “Yoshlik” mahallalarida soʻnggi uch yil davomida sodir etilgan jinoyatlar hamda maʼmuriy huquqbuzarliklar chuqur tahlil qilindi. Tahlil natijalariga koʻra, mazkur mahallalarning kriminogen pasportlari yangilanib, eng koʻp uchrayotgan jinoyat turlariga qarshi kurashish ustuvor yoʻnalish sifatida belgilandi.
Oʻrganishlar “ilmiy xulosa – tavsiya – amaliy natija” tamoyili asosida olib borilib, Chirchiq shahrining ijtimoiy va hududiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda samarali “hudud tajribasi”ni shakllantirishga qaratildi. Ushbu yondashuv huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini yanada takomillashtirish va amaliy samaradorligini oshirishga xizmat qilishi koʻzda tutilmoqda.
Shuningdek, oʻrganish jarayonida faqat statistik koʻrsatkichlar bilan cheklanib qolinmasdan, masʼullar tomonidan amalga oshirilayotgan manzilli profilaktik tadbirlarning samaradorligi, huquqbuzarlikka moyil shaxslar bilan ishlashdagi mavjud muammolar hamda aholining huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan mahalliy dasturlar ijrosiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, oliy taʼlim muassasalarida talaba-yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, kiberjinoyatchilik va giyohvandlikka qarshi kurashish masalalariga bagʻishlangan profilaktik-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda. Ushbu tadbirlar doirasida yoshlarga amaldagi qonunchilik talablari, zamonaviy xavf-xatarlar hamda ularning oldini olish mexanizmlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berilmoqda.
Mazkur ilmiy-amaliy chora-tadbirlar kelgusida Chirchiq shahridagi ushbu mahallalarni xavfsiz, jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, shuningdek aholi osoyishtaligi va jamoat xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati





