Buxoroda jamoat xavfsizligini taʼminlashning yangi tizimi joriy etilmoqda
2026-02-05 10:40:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirish, aholi osoyishtaligini mustahkamlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2026-yil 27-yanvar kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat hokimi, harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Botir Zaripov viloyat IIB Tezkor boshqaruv markazida boʻlib, jamoat xavfsizligini boshqarishda joriy etilayotgan yangi tizim va loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotlar davomida patrul-post va profilaktika xizmatlarini tun-u kun 3 smenali rejimga oʻtkazish, xabar kelib tushganidan soʻng 5 daqiqa ichida voqea joyiga yetib borishni taʼminlash, qoʻriqlash xizmati faoliyatini takomillashtirish hamda sunʼiy intellekt va dronlar yordamida mahallalar va odamlar gavjum joylarda nazoratni kuchaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Shuningdek, yoʻl-transport hodisalari tahlili, Tezkor boshqaruv markazining jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi samaradorligi ham muhokama qilindi.
Ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Ichki ishlar vazirligi tomonidan Buxoro viloyati ichki ishlar organlariga 26 ta yangi xizmat avtomobili ajratilib, ular jinoyatchilikni jilovlash, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va aholi xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tantanali marosimda yangi transport vositalari sohadagi xodimlarga boʻlgan yuksak eʼtibor va ishonchning ifodasi ekani taʼkidlandi.
Shuningdek, viloyat hokimi boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Buxoro tumanida xavfsiz muhit yaratish boʻyicha oʻrganishlar olib borilib, Prezident qarorlari ijrosi, mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, jamoatchilik bilan hamkorlik, murojaatlar bilan ishlash sifati hamda yoshlar, ayollar va ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalar bilan ishlash masalalari muhokama qilindi. Belgilangan vazifalar ijrosi qatʼiy nazoratga olinishi taʼkidlandi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









