Samarqand viloyatida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali taʼminlash boʻyicha 2026-yilga moʻljallangan ustuvor vazifalar belgilab olindi
2026-02-05 09:00:00 / Yangiliklar

Yigʻilishda Ichki ishlar vaziri ishtirokida viloyat hokimi, huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, tuman va shahar hokimlari, hamkor tashkilotlar masʼullari, shuningdek, hududiy ichki ishlar boʻlinmalari rahbarlari hamda profilaktika inspektorlari hududiy studiyalar orqali qatnashdilar.
Tadbir davomida Samarqand shahrida jinoyatchilik darajasining oshgani keskin tanqid ostiga olindi. Shu bilan birga, kiberjinoyatchilik, giyohvandlik bilan bogʻliq huquqbuzarliklar, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda yashirin iqtisodiyotni keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muhokamalar natijasida 2026-yilda Samarqand viloyatida xavfsiz hududlarni shakllantirishga qaratilgan qator aniq va maqsadli chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, viloyat hududidagi 1063 ta mahallada xavfsiz muhitni taʼminlash boʻyicha kompleks ishlar olib borish, ijtimoiy profilaktika doirasida “xonadonma-xonadon” ishlashning namunaviy mexanizmini joriy etish rejalashtirildi.
Shuningdek, narkojinoyatchilik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik holatlarining oldini olish borasida masʼul idoralar bilan hamkorlikda tizimli choralar koʻrish, tuman va shaharlarda, xususan uyushmagan yoshlar bandligini taʼminlashga qaratilgan “Samarqand shahri tajribasi”ni joriy etish vazifalari belgilandi.
Viloyat hududida qoʻshimcha zamonaviy videokuzatuv vositalarini oʻrnatish va ularni Ichki ishlar boshqarmasining “Yagona tezkor boshqaruv markazi”ga bosqichma-bosqich ulash, shuningdek, koʻngilochar maskanlar, 24 soat faoliyat yurituvchi gastronomik koʻchalar, savdo markazlari hamda ommaviy tadbirlar oʻtkaziladigan hududlarda jamoat tartibini taʼminlash boʻyicha kompleks choralar belgilab olindi.
Yigʻilishda internet orqali sodir etilayotgan firibgarlik, shaxsiy maʼlumotlarni qonunga xilof ravishda qoʻlga kiritish va elektron toʻlov tizimlariga tajovuz qilish bilan bogʻliq jinoyatlarning oldini olish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada axborot texnologiyalari sohasida jinoyatlarni barvaqt aniqlash va profilaktika qilishga qaratilgan zamonaviy tahlil mexanizmlarini joriy etish vazifasi qoʻyildi.
Bundan tashqari, har bir ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat holati boʻyicha uning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini chuqur tahlil qilish, jinoyat sodir etilishiga olib kelayotgan omillarni bartaraf etish hamda profilaktik ishlarni kuchaytirish yuzasidan masʼul tuzilmalarga aniq topshiriqlar berildi.
Kriminogen vaziyati murakkab boʻlgan hamda “qizil” toifaga kiritilgan mahallalarga biriktirilgan masʼul rahbar va xodimlarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarning taklif va mulohazalari tinglanib, belgilangan vazifalarni tizimli va samarali amalga oshirishga qaratilgan, istiqbolli chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan dastur ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.






