Otaliqqa olingan yoshlar. Ertaning egalari
2026-02-04 23:00:00 / Yangiliklar

Yakkasaroy tumanida otaliqqa olingan ogʻir toifadagi yoshlar bilan manzilli ishlar tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilgan. Bugungi kunda tuman boʻyicha jami 202 nafar alohida eʼtibor talab etuvchi yoshlar roʻyxati shakllantirilgan. Ularning har biri tuman hokimi, prokurori, IIO FMB boshligʻiga nomma-nom biriktirilgan.
Xususan, tuman IIO FMB boshligʻi, podpolkovnik Alisher Murodov va oʻrinbosarlari tomonidan 64 nafar yosh otaliqqa olinib, ularning muammolarini hal etish hamda jamiyatda oʻz oʻrnini topishlariga koʻmaklashish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shunchaki roʻyxat shakllantirish bilan ish bitmaydi. IIO FMB rahbariyati har bir yoshning xonadoniga kirib, ular bilan yuzma-yuz suhbatlashildi. Oʻrganishlar natijasida 21 nafar yoshni qiynab kelayotgan muammolar aniqlandi.
Aniqlangan muammolarni bartaraf etish maqsadida ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlash va ularga moddiy yordam koʻrsatish, fuqarolik pasportini rasmiylashtirish, yoshlarning bilim olishini qoʻllab-quvvatlash uchun chet tillarini oʻrgatish kurslari hamda oliy taʼlim muassasalaridagi shartnoma toʻlovlarini qoplash boʻyicha amaliy choralar koʻrilmoqda.
Masalan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining 3-bosqich talabasi M.Roʻzimovning 7 million soʻmlik shartnoma puli toʻlab berildi. Bu nafaqat moddiy yordam, balki bir yigitning ilm olishiga va kelajakka boʻlgan ishonchiga tikilgan sarmoya.
Bundan tashqari, U. Abilov hamda V. Dolgixlarga shaxsini tasdiqlovchi hujjat olishda amaliy yordam berildi.
Shuningdek, yoshlar oʻrtasida ochiq muloqotlar ham tashkil etilmoqda. Xususan, “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlarida kontrakt toʻlovlari, bandlik va tadbirkorlikka oid murojaatlar tinglanib, joyida yechim choralari belgilanmoqda.
Yoshlar bilan ishlash shunchaki hisobot emas, balki ertangi kunimiz egalarining taqdiriga daxldorlikdir. Tuman IIO FMB tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli ishlar “Hech bir yosh eʼtibordan chetda qolmaydi” degan ezgu tamoyilning amaldagi ifodasidir.
©️ “Postda” gazetasi, Sarvar Sobirov, Toshkent shahri.
