Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan Yakkasaroy tumanida Prezident qarori ijrosi oʻrganilmoqda
2026-02-04 09:00:00 / Yangiliklar

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvarda qabul qilingan PQ–1-sonli “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida joylarda oʻrganish ishlari olib borildi.
Mazkur tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov, Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti boshligʻi Baxtiyor Berdialiyev, Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova, tuman prokurori Bekzod Shamshiyev hamda tegishli masʼul idoralar rahbarlari ishtirok etdilar.
Oʻrganishlar davomida mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi osoyishtaligini taʼminlash, ijtimoiy muammolarni manzilli hal etish borasida profilaktika inspektorlari va mahalla faollari tomonidan olib borilayotgan ishlar chuqur tahlil qilindi.
Mahalla tizimida yoʻlga qoʻyilgan oʻzaro hamkorlik, tezkor axborot almashinuvi hamda aniq manzilga yoʻnaltirilgan ish uslublarining samaradorligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu bilan birga, yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish va jamoat xavfsizligini samarali taʼminlash boʻyicha namunaviy amaliyotni yaratish yuzasidan oʻtkazilgan tanqidiy videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar ijrosi ham amaliy jihatdan oʻrganildi.
Oʻrganishlar davomida Baxtiyor Islomov mahallalardagi profilaktika inspektorlarining hisobotlarini tinglab, mavjud muammolarni bartaraf etish, profilaktika ishlarini kuchaytirish hamda mahallabay ishlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha aniq tavsiya va topshiriqlar berdi.
Bildirilgan takliflar asosida ishchi guruhlar tomonidan qoʻshimcha oʻrganishlar olib borilishi belgilandi. Ushbu oʻrganishlar Yakkasaroy tumanining “Qushbegi”, “Dilbuloq”, “Bobur” va “Rakatboshi” mahalla fuqarolar yigʻinlarida amalga oshiriladi.
Taʼkidlash joizki, Yakkasaroy tumanidagi 22 ta mahalla fuqarolar yigʻinida Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot institutining 18 nafar mutaxassisi mahalla yettiligi bilan uzviy hamkorlikda, tizimli va manzilli asosda faoliyat olib bormoqda.
Mazkur yondashuv mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikning oldini olish hamda aholining tinch va osoyishta hayotini taʼminlashga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti








