Namangan viloyati Davlatobod tumanida Chilonzor tumani namunasi asosida olib borilayotgan profilaktik tadbirlarning dastlabki natijalari muhokama qilindi
2026-02-04 09:00:00 / Yangiliklar

Davlatobod tumanida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish hamda mahallalarda xavfsiz muhitni barqaror taʼminlash maqsadida uch bosqichli kunu tun xizmat tashkil etildi.
Mazkur xizmat doirasida tumandagi barcha mahallalarga boshqarma sohaviy xizmatlarining malakali xodimlar biriktirilib, ularning hududlarda bevosita faoliyat olib borishi belgilandi.
Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi tomonidan oʻziga biriktirilgan tumandagi mahallalarda xizmat olib borayotgan xodimlarning ish faoliyati tanqidiy ruhda koʻrib chiqildi. Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar muhokama qilinib, kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar aniq belgilab berildi.
Shuningdek, “Elobod” va “Xalqlar doʻstligi” mahallalari faoliyati bilan yaqindan tanishilib, profilaktika inspektorlari hamda masʼul xodimlarga hududlarda manzilli profilaktik ishlarni tashkil etish, kriminogen vaziyatni barqaror holda saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
Bunday oʻrganish va nazorat tadbirlari tumanning barcha mahallalarida tizimli ravishda davom ettirilishi belgilandi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati






