Bir jinoyat tafsiloti. “Ishonavering, men oldim…”
2024-05-30 10:00:00 / Yangiliklar

Hayotimizdan tobora kengroq joy olayotgan va biz uchun qator qulayliklarni tugʻdirayotgan ilgʻor texnologiyalar, afsuski, jinoyatlarning yangi turlarini kashf qildi.
Chunonchi, ijtimoiy tarmoq orqali sodir etilgan virtual oʻgʻirlik va firibgarliklar bilan bugun birovni ajablantirish amrimahol. Shu bilan birga mazkur turdagi qonunbuzarliklarni fosh qilishning ayrim murakkab tomonlari bor.
Misol uchun choʻntagingizdagi pulni ijtimoiy tarmoq orqali oʻmarmoqchi boʻlgan shaxs bilan sizni minglab kilometrlar, oʻnlab davlatlar chegaralari ajratib turishi mumkin.
Shuningdek, qonunbuzarda oʻz shaxsi va manzilini yashirin tutish, “ish”ni bitirgach, izlarni yoʻq qilish imkoni mavjud.
Ayni shu jihatlar Toshkent shahrida vaqtincha roʻyxatda turib, IT kompaniyasida faoliyat yuritayotgan ikki nafar buxorolik yigitni jinoyatga undagan boʻlsa, ajab emas.
Qisqasi, 2022-yilning oʻrtalarida ular soxta haydovchilik guvohnomasi sotish bilan bogʻliq jinoiy reja ishlab chiqdilar. Bu reja oʻqimasdan, nazariy va amaliy imtihonlarni topshirmasdan, haydovchilik guvohnomasi olmoqchi boʻlganlarni “chuv” tushirishga asoslangandi.
Shunday qilib, yigitlar ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda kanal va guruh ochgan bir qator shaxslar bilan onlayn bogʻlanib, ulardan muayyan haq evaziga haydovchilik guvohnomasi sotilishi toʻgʻrisida eʼlon berishni soʻraydi.
Har bir kategoriyaning oʻz narxi bor edi. Xususan, “A”, “B” yoxud “S” kategoriyaga ega haydovchilik guvohnomasi olish istagida boʻlganlar 3,5 million soʻm, “D” yoki “E” kategoriyali haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlishni xohlovchilar 4 million soʻm, ham “D”, ham “E” kategoriyali haydovchilik guvohnomasi uchun esa 5,5 million soʻm toʻlashlari kerak edi.
Boshqalarning ishonchiga kirish maqsadida firibgarlar oʻzlarini yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari sifatida tanishtiradi. Xuddi shunday, qalloblar ijtimoiy tarmoq orqali notanish fuqaro bilan bogʻlanib, uning bank plastik kartasini sotib olishadi.
Mabodo qilmishlari oshkor boʻlib qolsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bank plastik kartasi egasini osongina topib olishlarini qonunbuzarlar yaxshi anglaganliklari uchun begona kimsaning plastik kartasidan foydalanishni maqbul, deb bilishgan.
Oʻqimasdan haydovchilik guvohnomasi olishni xomxayol qilganlar ana shu bank plastik kartasiga pul oʻtkazishgan. Jinoyatchilarning ishi yurishgandan yurishdi. Ammo haydovchilik guvohnomasini hech kim qoʻliga ololmasdi, tabiiyki, bunday qalloblikning sirini uzoq yashirishning iloji yoʻq edi.
Shu bois ular odamlarning ishonchiga kirish uchun yangi-yangi nayranglarni oʻylab topaverishgan. Dastlab, fotoshop dasturi orqali tayyorlangan qalbaki haydovchilik guvohnomasining fotosuratlarini namoyish qilganlar.
Bu nayrang ish bermay qolgach, Rossiya Federatsiyasida yashovchi fuqaro bilan ijtimoiy tarmoq orqali bogʻlanib, muayyan shaxsga tegishli haydovchilik guvohnomasining uskunadan chiqish jarayoni aks etgan videotasvirlarni olishgan. Mazkur tasvirlarning har biri uchun rossiyalik hamtovoqqa 5-10 AQSH dollari miqdorida haq toʻlangan.
Bundan tashqari, qonuniy yoʻl bilan haydovchilik guvohnomasi olgan bir qancha shaxslar bilan bogʻlanib, ularning har birining bank plastik kartalariga 1,5 million soʻmdan pul koʻchirib, “Mana guvohnomamni oldim, ishonaveringlar”, degan mazmundagi fotoreklamalar tayyorlashga erishganlar.
Oʻz haydovchilik guvohnomasi uskunadan chiqqanligi aks etgan videotasvirlarni koʻrgan, qolaversa, fuqarolarning haydovchilik guvohnomalarini olganliklari haqidagi chiqishlariga oid fotosuratlar sodda insonlarning shubhasini tarqatishga xizmat qilgan.
Eʼtiborlisi, firibgarlar jinoiy sheriklari hamda oʻqimasdan haydovchilik guvohnomasi olganlarning birortasi bilan yuzma-yuz boʻlishmagan. Onlayn muloqot chogʻida ham ularning qiyofasini hech kim koʻrmagan. Jinoyatchilar shu yoʻl bilan qoʻlga tushmasliklariga ishonishgan, xavf tugʻilgudek boʻlsa, ijtimoiy tarmoq kunjaklarida gʻoyib boʻlishni moʻljallashgan.
Joyi kelganda aytish kerak, firibgarlar bir masalada adashmagandi. Ular noqonuniy yoʻl bilan haydovchilik guvohnomasi olmoqchi boʻlganlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlariga jurʼati yetmasligiga amin boʻlishgan.
Darhaqiqat, firibgarning tuzogʻiga tushib, 3,5 million soʻmdan 5,5 million soʻmgacha zarar koʻrganlar miq etishga oʻzlarida kuch topa olishmadi, alamini ichiga yutishdi.
Mazkur jinoyatning ochilishiga Jizzax viloyati IIB YHXB xodimining telegram kanalida haydovchilik guvohnomasi sotib olish bilan bogʻliq eʼlonni koʻrib qolgani sabab boʻldi.
Oʻz navbatida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan uyushgan jinoiy guruhni fosh etish choralari koʻrila boshlandi.
Dastlab, Toshkent viloyati Angren shahri “Karvon” mahallasida yashovchi Gʻ.K. qoʻlga olindi va gumonlanuvchidan noutbuk, uyali aloqa vositasi, bank plastik kartalari hamda 10 million 800 ming soʻm hujjatlashtirib olingan.
Tezkor qidiruv tadbirlari davomida jinoiy guruh aʼzolarining qariyb barchasi ushlandi. Qoʻlga olinganlar orasida jinoiy guruh faoliyatini boshqargan ikki nafar buxorolik yigit, qalbaki haydovchilik guvohnomalari fotosuratlarini yasagan dasturchi hamda ijtimoiy tarmoqda kanal va guruhlarni tashkil qilgan 6 nafar shaxs bor.
Firibgarlar 2022-yilning noyabr oyidan joriy yilning aprel oyiga qadar mamlakatimizning qariyb barcha hududlarida yashovchi 200 nafardan ziyod fuqaroni “chuv” tushirishgan.
Surishtiruv, tezkor qidiruv va tergov jarayonlari davom etayotganligi inobatga olinsa, jabrlanganlar soni yanada ortishi ehtimoli yoʻq emas.
Gapimiz soʻngida demoqchi boʻlganimiz, hushyor boʻling, har bir masalaga qonuniy yondashing, ana shunda firibgarlar tuzogʻiga tushib qolmaysiz, hech kim halol yoʻl bilan topgan pulingizga ega chiqmaydi.
©️ “Postda” gazetasi, Baxtiyor Shirinqulov, mayor. Alijon Abdusattorov, Jizzax viloyati.
