Yuksak mukofot sohiblari. «Qancha shoning boʻlsa vatanni koʻtar...»
2026-02-03 11:55:00 / Yangiliklar

2025-yil 21-noyabr. Tungi soat 23.00. Shahar koʻchalarida hayot sokinlashgan payt. Ammo bu vaqt yoʻl xavfsizligini taʼminlash, koʻngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida xizmat qilayotgan xodimlar uchun masʼuliyatning eng ogʻir pallasi. Ana shunday vazifani bajarayotgan katta serjant Vahobjon Moʻminov inspektorlar talabiga boʻysunmay, yuqori tezlikda harakatlanib kelayotgan avtomashinani toʻxtatish uchun ishora bergan vaqtda haydovchi tezlikni pasaytirib, toʻxtash oʻrniga, xodimning hayotini avtomashina gʻildiraklari ostida qoldirdi.
Xizmatdan soʻng oilasi bilan dam olish uchun turli reja va niyatlar qilgan Vahobjon, afsuski, shifoxonaga yetib bormay joni uzildi. Bir yoʻl qotili sababli orzular armonga aylandi.
Ota-onaning tirgagi, farzandlarining mehribon otasi, ayolining suyanchi boʻlgan insonni yoʻqotish dardi ogʻir. Endigina 42 yoshni qarshilagan Vahobjonning vafoti hamkasblarini ham chuqur qaygʻuda qoldirdi.
Uning otasi Abduvali Moʻminov ham IIB tizimida ishlab, jamoat tartibini saqlashga oʻz hissasini qoʻshgan. Bu muhit, shubhasiz, Vahobjonning shu yoʻnalishga qadam qoʻyishiga taʼsir qilgan. Qolaversa, akasi Vohidjon va ukasi Jasurbek ham IIB xodimi boʻlishdi.
— Men doim yurt osoyishtaligi, xalqimiz tinchligi yoʻlida xizmat qilishni sharaf deb bilganman va bundan cheksiz faxr tuyganman, — deydi Vahobjonning otasi A. Moʻminov. — Uch nafar farzandim shu sohani tanlaganidan, ularning oʻz burchiga sadoqati, jasorati va fidoyiligi davlatimiz rahbari tomonidan eʼtirof etilayotganidan faxrlanaman.
Harbiy xizmatdan soʻng IIV Akademiyasi Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kurslarida oʻqigan Vahobjonning xizmat faoliyati har bir qadamda, har bir vazifada fidoyilik, qatʼiyat va masʼuliyatga asoslangan edi. 2008-yildan boshlab, Namangan viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmatida ishlay boshladi. Uning xizmat davomida qoʻlga kiritgan natijalari, jamoat xavfsizligiga qoʻshgan hissasi, masʼuliyati har bir inson uchun namuna boʻladi.
Shu oʻrinda Halima Xudoyberdiyevaning «Qancha qoning boʻlsa Vatan uchun toʻk, Qancha shoning boʻlsa Vatanni koʻtar», degan misralari xayolga keladi. Darhaqiqat, ichki ishlar organlarida Vatan uchun sadoqat bilan xizmat qilishga qasamyod qilgan bu xodim qasamyodiga sodiq qoldi. Soʻnggi nafasini ham yurt tinchligi, xalq osoyishtaligi, yoʻllar xavfsizligi uchun fido qildi.
Joriy yil Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga muvofiq, katta serjant Vahobjon Moʻminov xizmat burchiga sadoqati, jasorati va fidoiyligi uchun «Jasorat» medali bilan taqdirlandi.
Vatan bunday farzandlarini unutmaydi. Yoʻl xavfsizligi uchun jonini tikkan Vahobjon Moʻminov nomi hamisha barhayot. Unutilmas qahramonning shonli xizmati, pok xotirasi yuraklarda mangu yashaydi.
Jahongir Toʻxtasinov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Namangan viloyati
