Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumanida jamoat xavfsizligini taʼminlashda “Chilonzor tajribasi” joriy etilmoqda
2026-02-03 09:55:00 / Yangiliklar

Jarqoʻrgʻon tumanida PQ-1 va PQ-2 qarorlari ijrosi doirasida “Chilonzor tajribasi” asosida jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilik profilaktikasini kuchaytirish, bozorlar faoliyatini raqamlashtirish va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish boʻyicha tizimli ishlar tashkil etildi.
Hududlarda xavfsiz muhitni shakllantirish, jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish, shuningdek, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, bozorlar faoliyatini raqamlashtirish hamda savdo jarayonlarini xavfsiz va tartibli tashkil etish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida bugun Jarqoʻrgʻon tumanida Jinoyatchilikni jilovlashda “Chilonzor tajribasi” asosida ishlar tashkil etildi. “Surxon sohili” mahallasida joylashgan dehqon va oziq-ovqat bozori hududida Surxondaryo viloyati hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, kommunal soha hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida yigʻin oʻtkazildi. Unda shahar va tumanlar studiyalaridan hokimliklar hamda aloqador idoralar vakillari “Zoom” platformasi orqali onlayn ishtirok etdi.
Tadbirda alohida eʼtibor huquqbuzarliklar koʻp kuzatilayotgan va xavf darajasi yuqori boʻlgan, shartli ravishda “qizil” toifaga kiritilgan mahallalarga qaratildi. Bu hududlarda profilaktik ishlar faqat umumiy tarzda emas, balki har bir xonadon, har bir oila kesimida olib borilishi, taʼlim muassasalari, mahalla va huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrtasidagi hamkorlik mutlaqo yangi, samarador formatga oʻtkazilishi, markaziy koʻchalar va boshqa jamoat joylarida tartib-intizomni taʼminlash, jinoyat sodir etilishi ehtimoli yuqori boʻlgan joylarda jinoyatchilikni barvaqt oldini olish maqsadida raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, yashirin iqtisodiyot qisqartirish hamda belgilangan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha masʼullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, viloyatning har bir mahalla kesimida vaziyatni doimiy tahlil qilish, “qizil” hududlarda kompleks profilaktik ishlarni kuchaytirish, ayniqsa, oilaviy-turmush masalalari, yoshlar va muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan qayta jinoyatlar sodir etilishining oldini olish, shuningdek, hududlardagi markaziy bozorlar va savdo komplekslarida ishlarni tizimli tashkil etish hamda qisqa muddatlarda raqamlashtirish jarayonlarini yakunlash yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati








