Namangan viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va yoshlar bilan tizimli ishlash masalalariga bagʻishlangan tadbirlar boʻlib oʻtdi
2026-02-01 15:05:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligida oʻtkazilgan selektor yigʻilishida profilaktika inspektorlarining mahallalardagi faoliyati tahlil qilinib, xavfsiz muhitni shakllantirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berildi. Tadbirda ichki ishlar xodimlarining ish va yashash sharoitlarini yaxshilash uchun mablagʻ ajratish masalasi kelishib olindi hamda oʻz xizmati bilan namuna koʻrsatgan bir guruh xodimlar tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Shu bilan birga, viloyat IIB boshligʻi tomonidan Kosonsoy tumanida “otaliqqa olingan” yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuvda 110 nafarga yaqin yoshlarning ijtimoiy va maishiy muammolari tinglanib, bildirilgan 30 ga yaqin murojaatning asosiy qismi joyida hal etildi, qolgan ijrosi vaqt talab etadigan masalalar esa masʼullarga biriktirilib, alohida nazoratga olindi. Bu kabi uchrashuvlar viloyatning barcha boʻgʻin rahbarlari tomonidan yoshlarning muammolarini tizimli hal etish maqsadida doimiy ravishda oʻtkazib kelinmoqda.
Shuningdek, Davlatobod tumanida Toshkent shahrining “Chilonzor” tumani tajribasini tatbiq etish orqali hududni jinoyatchilikdan holi qilish masalalari muhokama qilindi. Idoralararo ishchi guruh ishtirokida oʻtgan yigʻilishda kiberjinoyatlar, narkojinoyatlar va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda yangicha yondashuvlarni qoʻllash, aholi muammolarini doimiy oʻrganish va huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati









