Xizmatda jasorat koʻrsatgan Buxoro viloyati Vobkent tumani profilaktika inspektori munosib ragʻbatlantirildi
2026-02-01 11:10:00 / Yangiliklar

Joriy yil 29-yanvar kuni Buxoro viloyati Vobkent tumanida xizmat vazifasini bajarayotgan profilaktika inspektori, kapitan Amrillo Rasulov “Vobkent daryo” kanaliga oʻzini tashlagan ayolni hayotini xavf ostiga qoʻygan holda qutqarib qoldi. Keyinchalik mazkur ayol 4 nafar farzandning onasi ekani maʼlum boʻldi. Inspektorning tezkorligi va jasorati inson hayotini asrab qolishda hal qiluvchi omil boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrugʻiga asosan, favqulodda vaziyatda koʻrsatgan jasorati, qatʼiyati va kasbiga sadoqati uchun Amrillo Rasulovga muddatidan oldin “mayor” maxsus unvoni berildi. Ushbu unvon viloyat hokimligida oʻtkazilgan tantanali marosimda topshirildi hamda u qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Tadbirda profilaktika inspektorlarining mahallalarda jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishdagi oʻrni alohida eʼtirof etildi. Amrillo Rasulovning mazkur jasorati ichki ishlar organlari xodimlari uchun fidoyilik va insonparvarlikning yorqin namunasi sifatida baholandi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









